O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ustuvor vazifalar belgilab olindi

2017-09-03 | Ekologiya

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Hay’ati a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari boshliqlari, bosh boshqarmalar, boshqarmalar, bo‘limlar va tizimdagi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov olib bordi.

Qo‘mita raisi o‘z ma’ruzasida asosiy urg‘uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi PQ-3182-sonli “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalasiga qaratdi. Qo‘mita tizimida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilganligi, “tuman (shahar), viloyat, respublika” bo‘yicha Qo‘mita yo‘nalishidagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan hududiy boshqarma boshliqlari va mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, qo‘mita Markaziy apparati va barcha tarkibiy bo‘linmalar ishini tashkil etish hamda faoliyatini baholash tizimini yaratish lozimligi e’tirof etildi. Xususan, Qo‘mita markaziy apparati rahbar xodimlari hamda hududiy boshqarma boshliqlari, boshliq o‘rinbosarlari, bo‘lim rahbarlaridan iborat ishchi guruhlarini tashkil etish, ularning ustuvor vazifalarini belgilab berish va hududlarga biriktirish orqali ishlarini tashkil etish va amalga oshirish hayotiy zarurat ekanligiga alohida urg‘u berildi.

Muhokama davomida viloyatlar boshqarmalari tomonidan qaror ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, umumiy holat tanqidiy-tahliliy jihatdan ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PQ-2916-sonli qarori ijrosini, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-iyundagi 368-sonli qarori ijrosini ta’minlash borasidagi vazifalar, chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mib tashlash va realizatsiya qilish borasidagi asosiy vazifalar hamda ustuvor yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilinib, bu borada har bir hududiy boshqarmaning “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifalari belgilab olindi.

Ushbu qarorlar ijrosini ta’minlash borasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida jami 13 ta “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va ularning 172 ta tuman va shahar filiallari tashkil qilinib, ular malakali rahbar va xodimlar bilan to‘ldirildi, kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

“Toza hudud” DUKlarning 80 ta filialiga bino va 107 ta filialiga garaj qurilishi uchun yer ajratilishi to‘g‘risida mahalliy hokimliklarning tegishli qarorlari chiqarilgan bo‘lib, qolgan 92 ta filial hududiy obodonlashtirish boshqarmalari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari va boshqa binolarga faoliyat ko‘rsatish uchun joylashtirilgan.

Ma’ruza davomida hududiy boshqarmalar hamda “Toza hudud” DUKlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlandiki, shu kunga qadar hududiy obodonlashtirish boshqarmalari balansidagi 1 349 ta texnika xatlovdan o‘tkazilib, “Toza hudud” DUKlari balansiga jami 1 280 ta texnika qabul qilib olingan.  

Ushbu yo‘nalishda chiqindilarning hosil bo‘lishi, ularni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mib tashlash va realizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etishda tizim yaratilganligini inobatga olib, ushbu sohani yanada rivojlantirish, bo‘sh ish o‘rinlarini tajribali, malakali mutaxassislar bilan to‘ldirib borish hamda mas’ul xodimlarning ish samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-sonli qarori ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ham mazkur hay’at yig‘ilishida atroflicha muhokama qilinib, bu boradagi ishlarni qarorda belgilangan muddatlarda samarali amalga oshirish yuzasidan soha rahbarlarining hisobotlari tinglanib, tegishli topshiriqlar berildi.

Hay’at yig‘ilishida qaror ijrosini ta’minlash borasida olib borilgan tadbirlar davomida so‘nggi 6 oy ichida reyd doirasida o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanishda 2145 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, ularning oldini olish yuzasidan tegishli choralar qo‘llanilgani qayd etildi. Jumladan, atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan qonun talablarini buzganligi uchun 2061 nafar mansabdor shaxs va fuqarolarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan va 1013 ta obyektga nisbatan da’volar taqdim etilib, tegishli tartibda da’vo summalari undirilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda daryo va soylar suvlarining ifloslanishi, ularning qirg‘oq bo‘ylarida suvlarning sifati, gidrologik oqim rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda, o‘zboshimchalik bilan qurib olingan imorat va inshootlar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, kommunal oqava suv tozalash inshootlarining holati, keng tarqalgan qazilma boyliklarini noqonuniy qazib olishga qaratilgan tadbirlar, yer osti boyliklari, xususan atmosfera havosini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilinib, tegishli mas’ullarga atrof-muhitni muhofaza qilishga doir qonun talablariga zid ravishda faoliyat yuritayotgan jismoniy va yuridik shaxslar, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ta’sirchan choralarni ko‘rish, ular bilan samarali profilaktika ishlarini olib borish kabi vazifalar topshirildi.

Hay’at yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi PF-5024-sonli Farmoni hamda 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-sonli qaroriga muvofiq “Davlat ekologik ekspertiza markazi” davlat unitar korxonalari hamda uning hududiy markazlari qayta tashkil etilganligi, ular tomonidan davlat ekologik ekspertiza xulosalarini berishda asosiy e’tiborni atrof-muhitga kam ta’sir etadigan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni tejash bilan bog‘liq kamchiqitli va chiqitsiz texnologiyalarni joriy etishga qaratish lozimligi ta’kidlandi. Hisobot davrida respublika bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi tomonidan joriy yil boshidan 16472 ta davlat ekologik ekspertiza xulosalari berilgan.

Shuningdek, soha mutaxassislarining shaxsiy mas’uliyati hamda javobgarligini oshirish, davlat ekologik ekspertiza sohasidagi qonun va qonun osti hujjatlarining shaffofligini ta’minlash borasida topshiriqlar berildi.

Hay’at yig‘ilishida Qo‘mita tizimidagi har bir boshqarma faoliyati tanqidiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi va ularning rahbarlariga alohida baho berildi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidan o‘rin olgan va ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Hay’atning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Поделиться