O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samimiy qutlovlar
2017-08-31 | Siyosat
Mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat, omonlik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq hamda farovonlik tilab, chin dildan ezgu istaklar izhor etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Siz, Janobi Oliylari va butun O‘zbekiston xalqiga Xitoy xalqi va o‘z nomimdan qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
26-yillik mustaqil taraqqiyot davrida O‘zbekistonda siyosiy barqarorlik, izchil iqtisodiy rivojlanish ta’minlanmoqda, mamlakatingizning xalqaro nufuzi muttasil ortmoqda, shuningdek, davlat qurilishi sohasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat boshlaganingizdan buyon Sizning rahnamoligingizda strategik ahamiyatga ega qator ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Bu O‘zbekiston xalqi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Siz joriy yil may oyida Xitoyga ilk davlat tashrifini amalga oshirdingiz va "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro forumida ishtirok etdingiz. Siz bilan samarali muzokaralar o‘tkazdik, ikki tomonlama munosabatlarimiz rivojiga yangi sur’at baxsh etgan qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Men Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va Siz bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat qarataman. Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida XXR va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni birgalikda rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida Siz bilan o‘zaro yaqin munosabatlarimizni izchil davom ettirishga tayyorligimni bildiraman.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasiga taraqqiyot, xalqingizga farovonlik va baxt-saodat tilayman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda erishgan muvaffaqiyatlari barchaga ma’lum. O‘zbekiston jahon miqyosida yuksak nufuzga ega mamlakat sifatida xalqaro muhim masalalarni hal etishda alohida o‘rin tutadi.
Davlatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlayman. O‘zaro aloqalarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamda Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi ishlarni Siz bilan birgalikda davom ettirishga tayyor ekanimni tasdiqlamoqchiman. Ishonchim komilki, bu Rossiya va O‘zbekiston xalqlarining manfaatlariga to‘la mos keladi.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston Respublikasining Milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish borasida ulkan yutuqlarga erishdi.
Qozog‘iston qardosh O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bundan buyon ham o‘zaro ishonch va xalqlarimizning qo‘llab-quvvatlashi asosida izchil rivojlanishda davom etishiga qat’iy ishonaman.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mamlakat taraqqiyoti yo‘lida davlat rahbari lavozimidagi faoliyatingizda mustahkam sog‘liq, ulkan zafarlar va cheksiz shijoat, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman.
Ezgu tilaklar bilan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Sizni va O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26-yilligi bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida siyosat, diplomatiya, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va boshqa yo‘nalishlarda erishgan ulkan muvaffaqiyatlarni ehtirom bilan e’tirof etaman. Siz, Janobi Oliylari, o‘tgan yil dekabr oyida Prezident lavozimiga kirishganingizdan so‘ng faol amalga oshirayotgan siyosiy islohotlar yuksak samaralar berishiga tilakdoshman.
Davlatlarimiz o‘rtasida 1992-yilda o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng yuksak ishonch va do‘stlik munosabatlariga asoslangan o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani meni quvontiradi. Prezident Janoblari, joriy yilda Siz bilan Seulda uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish uchun zarur bo‘lgan barcha masalalarni muhokama qilib olishimizga umid qilaman.
Prezident Janoblari, Sizga mustahkam sog‘liq, O‘zbekiston Respublikasiga abadiy farovonlik tilayman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Qadrli qardoshim!
Siz Janobi Oliylarini, Sizning timsolingizda butun o‘zbek xalqini O‘zbekistonning Milliy kuni munosabati bilan muborakbod etishdan bag‘oyat baxtiyorman.
Diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 25-yilligiga to‘g‘ri kelgan 2017-yilda hamkorligimiz sezilarli darajada faollashdi. O‘tgan yil noyabr oyida Samarqanddagi uchrashuvimiz bu jihatdan burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi va muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar orqali munosabatlarimiz barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda. Ishonamanki, shu yil oktabr oyida Sizning Turkiyaga amalga oshiradigan tashrifingiz bugungi kundagi munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy do‘stlik rishtalari mustahkam poydevor bo‘lgan Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarini Siz Janobi Oliylari bilan birga yanada rivojlantirish tarix oldidagi mushtarak mas’uliyatimizdir.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh o‘zbek xalqiga omonlik va farovonlik tilayman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu
Siz, Janobi Oliylariga mamlakatingiz Mustaqilligi kuni munosabati bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi xalqi, hukumati va o‘z nomimdan samimiy tabriklar va ezgu istaklar yo‘llashdan mamnunligimni bildirib, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga yanada yuksalish va farovonlik tilayman.
Janobi Oliylari, salomlarimiz va ehtiromlarimizni qabul qilgaysiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Sizga, Janobi Oliylari va butun o‘zbek xalqiga O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan baxt va farovonlik tilayman.
Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Armaniston Respublikasi Prezidenti Serj Sargsyan
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon
Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Natx Kovind
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulaziz Buteflika
Singapur Respublikasi Prezidenti Toni Tan Keng Yam
Italiya Respublikasi Prezidenti Serjio Mattarella
Polsha Respublikasi Prezidenti Andjey Duda
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.