O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kvon Yon U: Harakatlar strategiyasi–O‘zbekiston buyuk kelajagini ta’minlash dasturi
2017-08-29 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hamkorligi barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va hurmat, do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan. O‘zbek va koreys xalqlarining madaniyati va mentaliteti o‘xshash, mehnatsevarlik, sadoqat, mehr-oqibat kabi fazilatlar xalqlarimizni bir-biriga bog‘lab turadi. Bu jihatlar ikki mamlakatning do‘stligi va hamkorligida muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U O‘zA muxbirining savollariga javob berdi.
– Janob elchi, mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni qanday baholaysiz?
– O‘zbekiston xalqi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritganidan buyon o‘tgan davr mobaynida murakkab sharoitlarga qaramay, salmoqli darajadagi milliy yuksalishga erishgani tahsinga sazovor.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil dekabr oyida xalq tomonidan mutlaq qo‘llab-quvvatlangan holda mamlakat Prezidenti lavozimiga kirishganidan so‘ng jamiyat hayotining barcha sohalarida, jumladan, fuqarolar huquq va manfaatlarini ta’minlashni kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish va sud tizimini takomillashtirish yo‘nalishida faol islohotlar olib bormoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatni yanada rivojlantirishning davlat boshqaruvi, qonunchilik tizimi, iqtisodiyot, jamiyat, xavfsizlik va tashqi siyosat kabi ustuvor yo‘nalishlarida aniq maqsad va vazifalarni belgilab bergan, pirovardida davlatning buyuk kelajagini ta’minlaydigan dasturdir.
Fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquq va erkinliklarini himoya qilish Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani, qolaversa, unda davlat hokimiyati va iqtisodiyotni takomillashtirish uchun barcha zarur omillar inobatga olinganini alohida ta’kidlash lozim.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hamkorligi Harakatlar strategiyasiga hamohang ravishda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Masalan, davlat boshqaruvi sohasida "elektron hukumat" tizimini takomillashtirish bo‘yicha ish olib borilmoqda, KSP (Knowledge Sharing Program) bilim almashish dasturlari yordamida Koreya Respublikasining iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi tajribasi ommalashtirilmoqda, Janubiy Koreya va O‘zbekiston korxonalarining qo‘shma loyihalarini amalga oshirish orqali mamlakatingiz sanoati raqobatbardoshligi oshirilmoqda, kasbga o‘qitish markazlari, shifoxonalar, sanoat majmualari, aeroport qurish, ODA beg‘araz yordam loyihalari doirasida suvdan foydalanish tizimini takomillashtirish, O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlari filiallarini ochish orqali ilmiy-texnologik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish sohalarida hamkorlik qilinmoqda. Albatta, qishloq xo‘jaligi ham ikki tomonlama hamkorligimizni rivojlantirishda istiqbolli yo‘nalishlardan.
– O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari haqida so‘zlab bersangiz. Sizningcha, mamlakatlarimiz hamkorligida qaysi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyatga ega?
– 1992-yil 29-yanvar kuni Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. O‘tgan 25-yil davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida yaqin va do‘stona aloqalar shakllandi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992-yil iyun oyida Koreya Respublikasiga ilk tashrifi buning uchun mustahkam asos yaratdi. 2006-yilda strategik sheriklikni yo‘lga qo‘ygan mamlakatlarimiz bugun barcha sohalarda – siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, madaniyat, fan-texnika yo‘nalishlarida o‘zaro munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro maydonda izchil hamkorlik qilib kelmoqda.
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan biri bo‘lib, mamlakatingiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika, infratuzilma, AKT, to‘qimachilik, logistika, moliya, avtomobilsozlik va boshqa ko‘plab sohalarda Janubiy Koreyaning besh yuzga yaqin kompaniyasi samarali faoliyat yuritmoqda.
2016-yil may oyida yakunlangan Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasini barpo etish loyihasini alohida qayd etish lozim. Shubhasiz, ushbu loyiha o‘zaro manfaatli hamkorligimizning yorqin timsolidir. Joriy yilning 31-mart – 1-aprel kunlari Qoraqalpog‘istondagi ushbu majmua joylashgan Oqchalak qo‘rg‘onida bo‘ldim. Sahro qo‘ynidagi ushbu mo‘jiza zavod Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikning ulkan salohiyatidan darak berib turibdi. Jahonning 40 mamlakatiga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega polimer mahsulotlarni eksport qilayotgan mazkur majmua O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston xalqining koreys madaniyati, kinosi, zamonaviy musiqasi, taomlariga bo‘lgan katta qiziqishi tufayli mamlakatingiz Markaziy Osiyoda koreys madaniyatining markaziga aylandi. Bizda ham O‘zbekiston va o‘zbek madaniyatiga qiziqish tobora ortmoqda.
O‘tgan 25-yil ichida mehnatsevarlik, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, ta’lim olishga intilish kabi milliy qadriyatlarimiz, davlatlarimiz rahbarlarining muntazam uchrashuvlari davomida shakllangan samimiy ishonch va o‘zaro anglashuv ruhidagi munosabatlar hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik tufayli strategik sheriklikning shunday yuksak darajasiga erishdik.
Bugun ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixida yangi bosqich boshlanmoqda. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyot va ijtimoiy sohada erishilgan muvaffaqiyatlar asosida Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilib, qat’iyat bilan amalga oshirilmoqda, davlat va jamiyat hayoti yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Koreya Respublikasi o‘tgan yigirma besh yil davomida O‘zbekistonning muhim sherigi bo‘lib keldi, bundan buyon ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlik mustahkamlanib boraverishiga ishonamiz.
– O‘zbekistonning investitsiya siyosatini qanday baholaysiz? Koreya Respublikasining investitsiyalarini yanada keng jalb qilishning istiqbollari qanday?
– O‘ylaymanki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan iqtisodiyotni liberallashtirish, jumladan, moliya tizimini takomillashtirish, sanoat, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, hududlarni mutanosib rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan siyosat iqtisodiyot barqarorligi va raqobatbardoshligini ta’minlash va chet el investitsiyalarini jalb qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarda ishtirok etishni doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Kelgusida Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi kabi yangi yirik loyihalarni amalga oshiramiz, deb umid qilaman.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlashni kengaytirish, AKT sohasini rivojlantirish, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlar darajasini jadal yuksaltirish yo‘lida hamkorlik qilishga tayyor.
Mustaqillik bayrami arafasida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga buyuk kelajakni barpo etish yo‘lida sihat-salomatlik, bundan-da yuksak taraqqiyot va muvaffaqiyatlar tilayman.