O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston harbiy orkestri xalqaro festivalda
2017-08-28 | Madaniyat
Joriy yilning 26 avgustidan 3 sentyabrigacha Moskva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Spasskaya bashnya” X xalqaro harbiy-musiqa festivalida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining alohida namunali-ko‘rgazmali harbiy orkestri ham ishtirok etmoqda.
Orkestrga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy orkestr xizmatining boshlig‘i, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Pavel Makarov rahbarlik qilmoqda. Harbiy musiqa ixlosmandlari ushbu iste’dodli san’atkorni “Jonajon O‘zbekiston”, “Mustaqillik”, “Vatan”, “Amir Temur” singari marshlari orqali yaxshi biladi.
Orkestr ko‘plab xalqaro harbiy musiqiy festivallarda ishtirok etib, katta tajriba to‘plagan. Orkestr Amerika Qo‘shma Shtatlarining Pentagon shtab-kvartirasida, Norfolk harbiy-dengiz bazasi va harbiy-dengiz akademiyasida konsert dasturlari namoyish etgan. Shuningdek, Germaniyada o‘tkazilgan XIII Berlin va VII Kyoln xalqaro harbiy orkestrlar festivalida ham ishtirok etgan.
Harbiy musiqachilarimiz ushbu festivalga puxta tayyorgarlik bilan bordi. Orkestr repertuaridan 60 dan ortiq asar o‘rin olgan. Karnay, surnay va boshqa milliy musiqa asboblaridan foydalanish, shuningdek, konsert dasturlarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli raqs guruhining ishtiroki festivalga o‘zgacha shukuh bag‘ishlamoqda.
Harbiy orkestrda xizmat qilish – o‘ta mas’uliyatli vazifa. Harbiy musiqachilar safda yurganda ham, marshda ham kuy-qo‘shiq ijro etishdan tashqari, bir paytning o‘zida musiqa asbobini chalishi, baravar qadam tashlashi lozim. Bu o‘ziga xos murakkab jarayondir.
– “Spasskaya bashnya” festivali doirasida dunyoga mashhur ijrochilar ishtirokida mumtoz musiqa konsertlari ham bo‘lib o‘tadi, –deydi orkestr rahbari Ramil Asfandiyarov. – Festival doirasida xayriya tadbirlariga ham alohida o‘rin berilgan. Turli aholi qatlamlari, jumladan, bolalarga mo‘ljallangan konsert dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shu jihat hisobga olingan holda konsert dasturidan bir necha kutilmagan musiqiy chiqishlar ham o‘rin olgan. Ayniqsa, Xayrullo Yusupov rahbarlik qilayotgan karnaychilar guruhining chiqishi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.
Madaniyat va san’at, ma’naviyat va armiya tushunchalarini bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, Vatan himoyasi xalq yaratgan barcha narsalar – avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, himoya qilish deganidir. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi alohida namunali-ko‘rgazmali harbiy orkestrining “Spasskaya bashnya” festivalidagi ishtiroki rossiyalik tomoshabinlarga o‘zbek xalqining boy madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishish, harbiy musiqa olamidagi jozibali kuy-qo‘shiqlardan bahra olish imkoniyatini yaratmoqda.