O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi
2017-08-25 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi ikkinchi ish kunida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash, Oliy Majlis Senati a’zolarining odobi qoidalariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisini saylash to‘g‘risidagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqdi.
Oliy Majlis Senati a’zolarining odobi qoidalariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda qabul qilindi.
Unga ko‘ra, endilikda joylarga chiqib, aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlar jarayonida rasmiyatchilik va ko‘zbo‘yamachilikka, soxta hisobotlar berishga, o‘rganilayotgan masalaning tub ildiziga yetib bormaslik kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan senatorlarga nisbatan tegishli ta’sir choralari belgilangan. Senatorlarning internetdagi rasmiy sahifalarida fuqarolar bilan muloqot qilish jarayonidagi odob-axloq qoidalari yanada aniqlashtirilgan.
Senatorlar tasdig‘i bilan A.A’zamxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. M.Jumagaldiyev Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisligiga saylandi.