O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarining dastlabki guruhi tantanali kutib olindi

2017-08-25 | Madaniyat

Samarqand temir yo‘l vokzalida “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarining dastlabki guruhi tantanali kutib olindi.

1997-yildan buyon har ikki yilda muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur festival dunyo xalqlarining milliy musiqa san’ati va qo‘shiqchiligi an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odatlari turlicha bo‘lgan millat va elatlarni san’at vositasida birlashtirish, ularni go‘zallik, nafosat, ezgulikka da’vat etishga xizmat qilmoqda. Bugunga kelib “Sharq taronalari” jahon miqyosida o‘tkazilayotgan yirik va nufuzli san’at anjumaniga aylandi. Unda ishtirok etish istagida bo‘lgan san’atkor va badiiy jamoalar safi yil sayin kengayib bormoqda. Bu yil festival ishtirokchilari belgilangan talablar asosida saralanib, taklif etildi. 25-30-avgust kunlari 50 dan ortiq davlat vakillari Samarqandda o‘z san’atini namoyish etadi. 

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdida Samarqandga yetib kelgan mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida keng jamoatchilik ishtirokida kutib olindi. 

– Samarqand zaminiga qadam qo‘yishimiz bilan “Sharq taronalari” festivali shukuhini his qildik, – deydi fransiyalik Le Normand Morven xonim. – Vokzal va ko‘chalar bag‘oyat maftunkor, har qanday kishi e’tiborini tortadigan darajada go‘zal. Tadbir tashkilotchilarining nihoyatda samimiy va mehmondo‘stligi, har bir ishtirokchiga alohida e’tiboridan boshimiz ko‘kka yetdi. Ana shu dastlabki taassurotlarimiz bu yilgi festivalning yana ham yuksak saviyada o‘tishidan dalolat beradi. 

– Jahonning ko‘plab davlatlarida o‘tadigan turli xalqaro anjumanlar, forumlarda qatnashganman, – deydi festival hakamlar hay’ati a’zosi, kuvaytlik Amir Ja’far. – Lekin, O‘zbekistonda bo‘lganidek tashkilotchilik, mehmonlarga yuksak e’tibor kamdan-kam kuzatiladigan holat. Bu o‘zbek xalqining san’atsevarligi, mehmondo‘stligi va bag‘rikengligidan dalolat beradi. Men Toshkentda, bugun Samarqandda bunga guvoh bo‘lib, hayratlanib turibman. Bunday samimiy, ochiqko‘ngil insonlar bilan suhbatlashish, ularga o‘z san’atimizni namoyish etish biz uchun zavqli va taassurotlarga boy bo‘lishiga ishonaman. 

Festival ishtirokchilari va mehmonlari maxsus ajratilgan transportlarda “Aziya Samarqand”, “Registon-plaza”, “Zilol baxt”, “Arba” mehmonxonalariga borib joylashdilar. 

Kun davomida Samarqand shahrida muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bo‘ylab sayohat, madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, tanlov dasturida qatnashadigan jamoalar uchun Registon maydonidagi sahnada repetitsiya o‘tkaziladi. 

Kechqurun tanlov boshlanib, dastlabki o‘n jamoa o‘z dasturini namoyish etadi. Boshqa guruhlar esa Samarqand shahri va Pastdarg‘om, Oqdaryo, Payariq, Samarqand, Jomboy tumanlarida mahalliy san’atkorlar bilan birgalikda konsert dasturlari taqdim etadi. 

 
G‘olib Hasanov, O‘zA

Поделиться