O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yerik Utembayev: Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘lgan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik mintaqamiz barqarorligi va taraqqiyotida ulkan ahamiyatga ega

2017-08-25 | Siyosat

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk yillardan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Qozog‘iston bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lidan bordi. Ikki tomonlama hamkorlik barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda izchil rivojlanib bormoqda, davlatlarimiz tashqi siyosiy maydonda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26-yilligi bayrami arafasida O‘zA muxbiri Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev bilan suhbatlashdi. 

– Janob elchi, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi muloqot muntazamlik kasb etdi. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Oliy darajada erishilgan kelishuvlar qanday amalga oshirilmoqda? 

– Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqlari nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini tushunib kelgan va hozir ham shunday. Mamlakatlarimizning tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga birdek intilayotgani bunga yorqin misoldir. Bugungi kunda ikki davlat kompaniyalari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, Qozog‘iston va O‘zbekiston hududida mamlakatlarimiz korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga maksimal darajada ko‘maklashish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ikki tomonlama hamkorligimiz ulkan salohiyatga ega. Shu sababli Prezidentlar Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida tovar ayirboshlashning yillik hajmini 5 milliard dollarga yetkazishga qaror qilindi. Joriy yilning 22-23-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya majlisida mazkur vazifani bajarishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, bunga erishish uchun avvalo savdo, investitsiya, texnologiyalar, transport-kommunikatsiya sohalarida aniq loyihalarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi. Savdo aloqalari va madaniy hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlash lozimligi alohida ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 22-23-mart kunlari Qozog‘istonga ilk davlat tashrifi mamlakatlarimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi. 

Nursulton Nazarboyev oliy martabali mehmonni qutlar ekan, «Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlari har doim do‘stona va samarali bo‘lgan. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, mening qadrdon do‘stim Islom Karimov ulkan hissa qo‘shgan bunday yaqin hamkorlikni Siz bilan izchil davom ettirmoqdamiz. Keyingi oylarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o‘sgani, o‘zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlagani buning tasdig‘idir. Tashrifingiz doirasida o‘tgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi», dedi. 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi: «O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og‘ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Xalqimiz Qozog‘iston xalqi hamdardligini, qo‘llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanining tasdig‘idir». 

Muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Tashrif yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolandi. 

Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Parlamentarizm, soliq, transport, mudofaa, savdo-sanoat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar ham imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ular orasida alohida ahamiyatga ega. 

Bu hujjatlari amalga oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Avvalo, o‘tgan qisqa davr mobaynida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish bo‘yicha Markaziy Osiyo savdo uyi tashkil etildi, 2017-yilda 400 ming tonnagacha mahsulot yetkazib berishga kelishib olindi. 

Hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qizil O‘rda, Sharqiy Qozog‘iston, Janubiy Qozog‘iston, Jambil viloyatlari hokimlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlariga, Qarag‘anda, Oqto‘ba va Janubiy Qozog‘iston viloyatlari hokimlari o‘rinbosarlarining Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga tashriflari uyushtirildi. Jizzax viloyati delegatsiyasi javob tashrifi bilan Jambil viloyatida bo‘ldi. Yaqin orada Navoiy viloyati hokimining Qizil O‘rdaga hamda Xorazm viloyati hokimining Mangistauga borishi kutilmoqda. 

Shu bilan birga, davlatlarimizning ulkan tranzit-transport salohiyatini hisobga olgan holda Ostona va Toshkent bu sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tgan xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish va tranzit tashishlarni ko‘paytirish borasidagi hamkorlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega. 

Bu borada tegishli kelishuvlarga erishganmiz, mamlakatlarimiz tashishlar, avvalo, temir yo‘l transporti orqali tashishlar hajmini oshirish maqsadida ma’lum preferensiyalarni ko‘zda tutgan qulay tarif siyosatini olib bormoqda. Davlat chegaralarini kesib o‘tish tartibini soddalashtirish bo‘yicha katta ishlar qilindi. Masalan, M-39 trassasida joylashgan o‘tish punktlari ochildi, chegara punktlarining aksariyati kunduzi ishlash rejimidan kechayu-kunduz ishlash rejimiga o‘zgartirildi, ikki tomonlama chegara punktlari ko‘p tomonlama chegara punktlariga aylantirildi. 

Bundan tashqari, yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov bilan uchrashuvda biznes-forumlar doirasida mamlakatlarimiz tadbirkorlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish, korxonalar kooperatsiyasini, jumladan, ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish bo‘yicha qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish xususida so‘z yuritildi. Mamlakatlarimiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda ham katta istiqbollar ochilmoqda. 

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan siyosat haqida fikringizni bildirsangiz. 

– Jahon ommaviy axborot vositalari, turli darajadagi ekspertlar O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda desam, adashmayman. Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p davlatida yangi rahbar saylandi. Mamlakatingiz hayotining barcha sohalarida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoni mamlakat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgiladi. Qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan ochiqlik va do‘stlikka asoslangan pragmatik siyosat yuritilishini ta’kidladi. 

Dasturiy hujjat – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan. 

– Ostonada «EKSPO – 2017» xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekistonning undagi ishtirokini qanday baholaysiz? 

– «EKSPO – 2017» xalqaro ko‘rgazmasi 10-iyunda boshlandi. Tadbir doirasida «yashil» energetikani rivojlantirish sohasidagi eng so‘nggi fan yutuqlari namoyish etilmoqda. 

Ko‘rgazmada jahonning 120 dan ortiq mamlakati, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, AQSh, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Vetnam, Armaniston, Pokiston, Ozarbayjon, Belarus, Kuba, Turkmaniston, Ruminiya, Braziliya ishtirok etmoqda. Ular o‘zlarining texnologik, ilmiy, madaniy muvaffaqiyatlarini namoyish etmoqda. 

Alohida ta’kidlash lozimki, Rossiya, O‘zbekiston va Hindistonning pavilyonlari "EKSPO – 2017" ko‘rgazmasida eng ko‘p odam tashrif buyurgan pavilyonlar orasida yetakchilik qilmoqda. Ushbu xalqaro ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. 

O‘zbekistonning "EKSPO – 2017"dagi pavilyoni 1400 kvadrat metrga yaqin maydonni egallagan. Uning birinchi qavati ko‘rgazmaning asosiy mavzusi – «Kelajak energiyasi»ga bag‘ishlangan bo‘lib, unda quyosh, shamol va suv energiyasi asosida ishlaydigan jihozlar va texnika namoyish qilinmoqda, ikkinchi qavatda esa mamlakatingizning yengil sanoat, transport va logistika, samolyotsozlik, turizm, oziq-ovqat sanoati, vinochilik va sharbat ishlab chiqarish sohalaridagi yutuqlari ko‘rsatilgan, bu yerda milliy taomlaringizni tatib ko‘rish imkoniyati ham mavjud. 

Quyosh energiyasiga bag‘ishlangan stendda 2030-yilga kelib avtomobillarni quyosh energiyasi bilan quvvatlash imkoniyati ko‘rsatilgani ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Eshitishimcha, "EKSPO – 2017"ga keluvchilarga birinchi navbatda O‘zbekistonning o‘ziga xos, yorqin va mazmunli pavilyoniga borishni maslahat berishar ekan. O‘ylaymanki, bu mamlakatingiz ko‘rgazmada ishtirok etishga naqadar mas’uliyat bilan yondashganidan dalolat beradi. Qo‘shnilar hamisha bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydilar. Qozog‘iston xalqi bunday munosabatni yuksak qadrlaydi! 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini eng ulug‘, eng aziz bayrami arafasida butun Qozog‘iston xalqi nomidan Mustaqillik ayyomi bilan chin dildan muborakbod etaman! Qardosh o‘zbek xalqiga yanada shijoat, ishonchli hamkorlar va ulkan zafarlar tilayman!

 

Anvar Samadov, O‘zA

Поделиться