O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar ittifoqi Shanxay universitetining O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasiga 250 ta o‘zbek adabiyoti namunalarini sovg‘a qildi
2017-08-24 | Fan
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Shanxay Xalqaro tillar universiteti qoshidagi O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasiga 250 ta o‘zbek adabiyoti namunalari sovg‘a qilindi. Bu haqda Ittifoq raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi xalqaro hamkorlik masalasida ilk safarini XXRdan boshladi.
22 avgust kuni Shanxay Xalqaro tillari universitetida uchrashuv tashkil etildi. Unda ko‘plab ilg‘or Yevropa ta’lim dasturlari ishtirokchisi, pedagogika va diplomatiya sohalari mutaxassisi, universitet partiya qo‘mitasi kotibi Szyan Fen, universitet vakillari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev nutq so‘zlab, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlar tashkilotining vazifa va maqsadlari, yosh avlodga yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, delegatsiya Universitet qoshida faoliyat yuritayotgan O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasiga tashrif buyurdi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ushbu maskanda tahsil olayotgan yoshlar uchun 250 dan ortiq o‘zbek adabiyotiga doir badiiy va ilmiy kitoblarni sovg‘a qildi.
Uchrashuv oldidan esa, delegatsiya a’zolari Shanxay, Guanchjou, Xanchjouda tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Yoshlar Xitoyda ham Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotini tuzish tashabbusi bilan chiqishdi.
Qolaversa, O‘zbekistonlik yoshlar har yili Universitetda mamlakatlarning mustaqillik kunini nishonlash tadbirini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishlarini g‘urur bilan gapirib berishdi.
XXRda tahsil olayotgan va ishlayotgan yoshlar O‘zbekistonda yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlardan nihoyatda mamnun ekanligini ta’kidlashdi.