O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shiri Shiriyev: "Turkmaniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik har qachongidan ham mustahkam"
2017-08-22 | Jamiyat
O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarini azaliy qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bog‘lab turadi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda yangi bosqichga ko‘tarilgan. Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shiri Shiriyevning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri bilan suhbati shu haqda bo‘ldi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil Turkmanistonga ikki marta tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga qanday sur’at baxsh etdi, erishilgan kelishuvlar qanday amalga oshirilmoqda?
– Ikki qardosh mamlakatning davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot muntazamlik kasb etgani Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda strategik ahamiyatga ega.
Mazkur uchrashuvlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishladi, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan sheriklikning barcha yo‘nalishlariga mustahkam poydevor qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani buning yorqin tasdig‘idir.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ta’kidlaganidek, «…do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, yaqin savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik, tashqi siyosiy masalalarda o‘zaro anglashuv nafaqat xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladi, balki Markaziy Osiyo va uning tashqarisida ham xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda asosiy omil bo‘ladi».
Ikki tomonlama munosabatlarimizda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalasi alohida ahamiyatga ega. Shu o‘rinda mamlakatlarimizning mazkur masalaga doir yondashuvlari o‘zgarmas va izchil ekanini ta’kidlashni istardim. Turkmaniston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoning tinch va barqaror taraqqiyotini ta’minlaydigan mustahkam va samarali mexanizmlarni yaratish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga rioya etish va o‘zaro manfaatlarni hisobga olishning qat’iy tarafdoridir.
Bu borada qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turkmaniston va O‘zbekistonning Afg‘oniston muammosini hal etishga doir yondashuvlari o‘xshash ekanini ta’kidlash lozim. Mamlakatlarimiz Afg‘onistondagi vaziyatni faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy vositalar orqali, keng umummilliy muloqot asosida tartibga solish mumkin, degan yakdil fikrda qat’iydir.
Tinchlik va xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotning muhim tarkibiy qismlari – energetik xavfsizlik, xalqaro transport-tranzit aloqasini rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida birgalikda harakat qilmoqda.
Turkmaniston va O‘zbekiston mintaqada yirik energetik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Yiliga 25 milliard kub metrgacha gaz yekazish quvvatiga ega Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy gaz quvuri loyihasi shular jumlasidandir.
Mamlakatlarimizning transport sohasidagi hamkorligi ham mustahkamlanmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – Markaziy Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq transport tizimlarini birlashtiradigan mustahkam zamonaviy infratuzilma yaratishdir. Xususan, Turkmaniston Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa mamlakatlarning Qora dengizdagi portlariga eltuvchi O‘zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz yo‘nalishi bo‘yicha transport yo‘lagini yaratish borasida hamkorlik qilishga tayyor. Bu borada Turkmaniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi Amudaryo ustidan o‘tgan avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ikkita qo‘shma loyiha amalga oshirilganini qayd etish joiz. Ushbu avtomobil ko‘prigining uzunligi 1600 metr, temir yo‘l ko‘prigining uzunligi 1750 metrdir.
Shuningdek, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirokida Markaziy Osiyodan Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga xalqaro transport va tranzit koridori barpo etish bo‘yicha 2011-yilda Ashxobodda imzolangan besh tomonlama bitimni amalga oshirishni yanada faollashtirish yuzasidan kelishuv mavjud.
Mamlakatlarimiz sanoat, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, transport, energetika va boshqa muhim sohalarda teng huquqli va o‘zaro manfaatli asosda hamkorlik qilib kelmoqda.
– Xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘zlab bersangiz.
– Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar asrlar mobaynida shakllangan yaxshi qo‘shnichilik, umumiy tarix, til, madaniyat, an’ana va urf-odatlar o‘xshashligiga asoslangan. Bugungi madaniy-gumanitar hamkorlik ana shunday mustahkam poydevorga tayangan holda izchil rivojlanib bormoqda.
Turkman va o‘zbek xalqlari ajdodlarimizning boy madaniy va ilmiy merosini asrab-avaylab, avloddan-avlodga yetkazib kelmoqda. Xalqlarimiz bir-birining san’atini, adabiyotini o‘rganishga katta qiziqish bilan qaraydi. Ushbu intilishni rag‘batlantirish, doimiy madaniy va ilmiy aloqalarni kengaytirishni maqsad qilganmiz.
Turkmaniston va O‘zbekiston turizmni rivojlantirish borasida ham katta salohiyatga ega. Bunda mamlakatlarimizning butun jahon e’tiborini tortayotgan boy tarixiy-madaniy merosi, noyob tabiiy obyektlari muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Turkmaniston O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratadi. Keyingi yillarda ikki mamlakat san’at ustalarining qo‘shma konsertlarini o‘tkazish, Turkmaniston va O‘zbekistonda tashkil etilayotgan xalqaro ijodiy festivallarda ishtirok etish an’anaga aylangan.
Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari bugun har qachongidan ham mustahkam, deya qat’iy ayta olaman. Biz kelajakka ishonch bilan qarashimiz, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlik rejalarini ishlab chiqishimiz uchun barcha asoslar mavjud.
– Yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston mustaqilligining 26-yillik bayrami munosabati bilan xalqimizga tilaklaringiz.
– Fursatdan foydalanib, qardosh O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 26-yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, mamlakatingizga yanada ravnaq va yangi-yangi zafarlar tilayman.
Biz Turkmaniston bilan mustahkam hamkorlik aloqalari, o‘zaro hurmat va samimiy munosabatlar bog‘lab turadigan O‘zbekiston erishayotgan ulkan yutuq va marralardan hamisha xursand bo‘lamiz.