O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onada 200 mikroGES ishga tushiriladi
2017-08-22 | Iqtisodiyot
Farg‘ona viloyatida suvdan energiya olish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar yuksak amaliy samaralar bermoqda.
Farg‘ona politexnika instituti olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan zamonaviy mikroGESlar ishlab chiqarish innovatsiya loyihasi bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
MikroGES xalqaro tasnifga ko‘ra, quvvati 0,1 kVt.dan 100 kVt.gacha bo‘lgan gidroenergetik qurilma bo‘lib, asosan gidroturbina, tasmali va reduktorli uzatmalar hamda asinxron generatordan iborat. MikroGES ekologik tozaligi, arzonligi, texnologik jihatdan tayyorlash va ekspluatatsiya qilish osonligi bilan ajralib turadi.
MikroGESning quvvati 50 kVt. bo‘lgan 2 tajriba nusxasi institut olimlari tomonidan “Farg‘onaazot” AJ va Marg‘ilon traktor ta’mirlash korxonasi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahridan oqib o‘tuvchi Marg‘ilonsoyda ishga tushirildi. MikroGESlardan olinayotgan elektr energiyasidan shaharning Kashtanzor ko‘chasi, "Marg‘ilonsoy" tantanalar uyi va “Hamkorbank” banki hududini yoritishda foydalanilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida ushbu loyiha ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish borasida olib borilayotgan izlanishlarning yaqqol namunasi ekanini ta’kidlab, mikroGES ishlab chiqarishni ko‘paytirish va boshqa hududlarga ham joriy etish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi.
Shu asosda Farg‘ona politexnika instituti olimlari viloyat hokimligi tashabbusi asosida "Farg‘onaazot" AJ, Marg‘ilon traktor ta’mirlash korxonasi hamda "Marg‘ilon temirchi" MChJ bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini olib bormoqda.
– Tajriba-sinov ishlari soy va kanallarning suv oqimi tabiiy sharoiti va kinetik energiyasidan foydalanib ishlovchi oddiy, arzon va qulay, avtomatlashtirilgan avtonom mikroGESlar yaratishga qaratilgan, – deydi Farg‘ona politexnika instituti professori, texnika fanlari doktori Sirojiddin Ergashev. – Bu borada viloyatning suv xo‘jaligi, elektr tarmoqlari va Farg‘ona mexanika zavodi mutaxassislari bilan birgalikda Mikro-gidroelektrostansiyalar ishlab chiqarishni rivojlantirish va hayotga tatbiq etish yuzasidan "yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi. Birinchi bosqichda Katta Farg‘ona kanali, Janubiy Farg‘ona kanali, Andijon kanallaridagi suv oqimining talab qilingan tezligi, miqdori, balandlik bosimi, iste’molchilar imkoniyatidan kelib chiqib o‘rtacha quvvati 50 kVt. bo‘lgan 230 mikroGES qurish mumkinligi aniqlandi. Joriy yilning o‘tgan davrida Farg‘ona shahridan oqib o‘tuvchi Marg‘ilonsoyda ishga tushirilgan 2 mikroGES soatiga 40-50 kVt. energiya ishlab chiqarmoqda. Ayni paytda bunday qurilmalarni Oltiariq tumanida xonadonlar uchun ham qo‘llash ustida ish olib borilmoqda. Viloyatda 2017-2018-yillarda 200 dan ortiq mikroGES ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarning Farg‘ona mexanika zavodi bilan kooperatsiya asosida mikroGESning asosiy qurilmalari – gidroagregat, reduktor, generator va avtomatik boshqaruv tarmoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvati tahlil qilinib, har bir yo‘nalish uchun ishlab chiqaruvchilar belgilandi. Hamkorlikning dastlabki samarasi sifatida Farg‘ona mexanika zavodida institut olimlari tomonidan mikroGES gidroagregatining 50 kVt.dan 300 kVt.gacha bo‘lgan bir necha variantli loyihalari tayyorlanib, ishlab chiqarishga topshirildi.
Loyiha mualliflaridan biri, yosh olim Sardor Yusupovning ta’kidlashicha, mikroGESlarni ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan generatorlar hozircha Xitoy yoki Rossiyadan keltirilmoqda. Agar ushbu muhim vositani ishlab chiqarish mahalliylashtirilsa, tannarxning ikki barobar arzonlashishiga erishiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shu maqsadda institut ilmiy laboratoriyalarida o‘zgarmas tok generatoridagi doimiy tokni o‘zgaruvchan tokka aylantirish yo‘llari, mikroGESning markaziy elektr tarmoqlariga ulanish sxemalari, avtomatik boshqarish tizimlari ustida izlanishlar olib borilmoqda. Institut olimlari Oltiariq tumanidagi "Maida izol invest" korxonasi mutaxassislari bilan birga, mikroGESlar uchun doimiy magnitli zamonaviy innovatsion generatorlar, avtomatik boshqarish tizimlari, ionno-litiyli va vodorodli akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi innovatsiya korxonasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borayotgani ham e’tiborga sazovordir.