O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi o‘zining yigirma besh yillik faoliyati davomida zamonaviy aviakompaniya sifatida tiklanish va shakllanishning ulkan, murakkab yo‘lini bosib o‘tdi va bugungi kunda yurtimizning ko‘plab xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorligini yanada kengaytirish va aloqalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi hamda Havo floti kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida kompaniyaning o‘tgan yillarda erishgan yutuqlari va uni rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritildi.
Sohada amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida tarixan qisqa davrda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini izchil taraqqiy ettirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmani rivojlantirish, havo harakatini boshqarish tizimini tubdan isloh etish, malakali kadrlar tayyorlash singari yo‘nalishlarda ulkan natijalarga erishildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan 1992-yil 28-yanvarda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tashkil etildi. Mustaqillik yillarida aviakompaniya xalqaro tashishlar bozorida raqobatbardoshligini namoyon etib, yo‘lovchilarning ishonchini qozonish va o‘z faoliyati ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishga erishdi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» eng zamonaviy laynerlarni ekspluatatsiya qilish an’anasiga sodiq qolmoqda. 2016-yilda mamlakatimizda biryo‘la ikkita «Orzu layneri» – «Boeing 787-8 Dreamliner» laynerlaridan foydalanishga kirishilgani milliy aviakompaniya uchun xavfsizlik, ishonchlilik va qulaylik tamoyillari ustuvor ekanini amalda yana bir karra tasdiqladi.
Ayni paytda havo laynerlarimiz Dubay, Dehli, Amritsar, Istambul, Olma-ota, Tel-Aviv, Seul, Frankfurt, Moskva, Kuala-Lumpur, Singapur, shuningdek, Riga orqali Nyu-Yorkka parvoz qilayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Shu yilning 27-iyul kuni Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilgan «orzu layneri» birinchi marta Toshkent – Nyu-York – Toshkent yo‘nalishida ilk uzluksiz parvozni amalga oshirgani har bir yurtdoshimiz qalbiga g‘urur va iftixor baxsh etdi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviaparkini modernizatsiya va unifikatsiya qilish dasturi doirasida «Boeing» korporatsiyasi bilan mamlakatimizga yana to‘rtta «Boeing-787-8 Dreamliner»ni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 2019-2020-yillarda yetkazib berilishi kutilayotgan mazkur laynerlarga ham yoqilg‘i samaradorligi hamda past shovqin darajasini ta’minlaydigan dvigatellar o‘rnatiladi.
Bugun dunyoning ko‘plab aviakompaniyalari O‘zbekiston uchuvchilar tayyorlash maktabini eng nufuzli maktablardan biri sifatida e’tirof etmoqda. Zero, ushbu maktabda ko‘p yillar davomida “ustoz-shogird” an’analari asosida nazariya bilan amaliyot chambarchas bog‘liq holda shakllangan. Qolaversa, boshqaruv to‘laligicha ishonib topshirilishi uchun uchuvchi nazariy bilimlardan tortib yo‘riqchilarning saboqlarigacha bo‘lgan ko‘plab tayyorgarlik bosqichlarini muvaffaqiyatli o‘tishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Milliy aviakompaniya o‘quv-mashq markazi trenajyor majmuasida zamonaviy trenajyorlar hamda “Il-114-100” va “A-320” samolyotlarining mukammal “Full-flight” simulyatorlari o‘rnatilgan. Mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida bu yerda yana bir noyob uskuna – «Boeing-767»ning “Full-flight” simulyatori ekspluatatsiyasi boshlandi.
«Sanadian Aviation Electronics» kompaniyasining eng so‘nggi ishlanmasi hisoblangan ushbu qurilma zamonaviy komputer ta’minoti, harakatlanish va vizual tizimlar bilan jihozlangan.
– Yangi trenajyor «Boeing-767» avialaynerining haqiqiy uchuvchilar kabinasidir, – deydi «Boeing-757-767» havo kemasi ikkinchi uchuvchisi Sherzod G‘ulomov. – Unda parvoz davomidagi turli noodatiy holatlarni ham yerda, ham havoda sinab ko‘rish mumkin. Yuqori sifatli tasvirlarni ko‘rsatish uchun jahon standartlari asosida ishlab chiqilgan vizual tizim bizga nostandart va murakkab vaziyatlarni mashq qilish, komputer tizimiga o‘rnatilgan aeroportlarning ma’lumotlar bazasi esa yer sharining istalgan nuqtasiga parvoz qilish imkonini beradi.
Milliy aviakompaniya o‘quv-mashq markaziga zamonaviy avialaynerlar simulyatorlarini o‘rnatish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar mamlakatimiz aviatorlarini xorijiy o‘quv markazlariga jalb etmagan holda tayyorlash va qayta tayyorlashga xizmat qiladi.
Behzod Bozorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA