O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Aholiga yanada zamonaviy sharoitlar yaratish bugungi kun talabi

2017-08-19 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Bekobod shahrida bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbari tashrifini «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatidan boshladi. 

Mamlakatimizning eng yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri bo‘lgan ushbu kombinatda qora metall parchalari va chiqindilar qayta ishlanib, tayyor prokat mahsulotlari, sirlangan idishlar va boshqa xalq iste’moli mahsulotlari ishlab chiqariladi. 

Prezidentimiz korxonaning maxsus sexlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Korxonada katta hajmdagi iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati qariyb 635 million dollarlik oltita loyiha ustida ish olib borilmoqda. 

Qora metall parchalari va chiqindilarni qayta ishlash loyihasi shulardan biri. Mazkur loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, 138,2 ming tonna qora metall mahsulotlari, sirlangan idishlar va boshqa xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish imkoniyatini beradi, qariyb 3 ming ish o‘rni yaratiladi. 

Amalga oshirilayotgan loyihalardan biriga binoan po‘lat eritish va quyish majmuasini qurish va issiq holatda po‘lat listlari ishlab chiqarish tashkil etiladi. Mazkur loyihani ikki bosqichda bajarish mo‘ljallangan. 

Shavkat Mirziyoyev kombinat ishchi-xodimlari bilan suhbatlashdi. Ularning unumli mehnat qilishi va dam olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. 

Yaqinda Olmaliq shahrida bo‘ldik. Olmaliq va Bekobod metallurglar shahri hisoblanadi. Ular Toshkent viloyatining sanoati rivojlangan hududlaridan. Shunday ekan, ikkala shaharni ham birdek rivojlantirishimiz, bu yerda yashayotgan aholini rozi qilishimiz kerak. Bu borada ikki shahar o‘rtasida rivojlanish musobaqasi e’lon qilamiz. 2017-yilning 1-sentabridan 2018-yilning shu davrigacha ikkala shaharning rivojlanish tendensiyalarini kuzatib boramiz. Bu ikki metallurgiya kombinati o‘rtasida emas, shaharlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat bo‘ladi. Bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlar inobatga olinadi. Yangi korxona ishga tushadimi, yangi ish o‘rni yaratiladimi, barchasini e’tiborga olib boramiz. Bu kabi sog‘lom raqobat ikki shaharning jadal rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi, dedi davlatimiz rahbari. 

Shu yerda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan namunalar namoyish etildi. 

Davlatimiz rahbari kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularga kasb-hunar o‘rgatish eng katta masala. 

Biz yoshlarga maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlab zamonaviy ta’lim berishimiz, ularni munosib tarbiyalashimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimiz Bekobod shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli “Shudring” nomli 5-maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi. Bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim muassasalarining bugungi holati haqida ma’lumot berildi. Bugungi kunda Toshkent viloyatida 406 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularga 61 ming 755 bola qamrab olingan. 

Davlatimiz rahbari Bekobod shahri misolida bog‘cha yoshidagi bolalarni to‘liq maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Bunda xususiy bog‘chalarga keng o‘rin berish kerak. 

Maktabgacha ta’limda bola shaxsini rivojlantirishga qo‘yiladigan davlat talablarining asosiy yo‘nalishlari haqida ham ma’lumot berildi. Bunda bolalarning jismoniy rivojlanishi, o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatishi, ijodiy-estetik qobiliyati, dunyoqarashini boyitish, nutqini o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. 

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga tashrifi davomida muntazam ravishda aholi bilan muloqot qilib, odamlarning turmush sharoiti bilan qiziqadi, ularni qiynayotgan masala va muammolarga alohida e’tibor qaratadi. Bekobod shahridagi “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Metallurg-madad” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan uchrashuvda ham bu o‘z ifodasini topdi. Shirkatga qarashli 8 ko‘p qavatli uydagi 234 xonadonda 750 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Uylarning tom qismi ta’mirdan chiqarilgan, yerto‘lasidagi eski quvurlar to‘liq almashtirilgan, uylarga raqamli zamonaviy eshiklar o‘rnatilib, kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Bu hududda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Uylar atrofida zamonaviy bolalar maydonchalari qurilgan. 

Ammo hudud aholisini qiynab kelayotgan muammolar ham yetarli. Ya’ni uylarda issiqlik tizimi ishlamaydi. Bunday holat nafaqat ushbu shirkat, balki qariyb butun Bekobod shahriga xos. Toza ichimlik suvi ta’minoti ham aholini qiynayotgan muammolardan. Ichimlik suvi mavjud bo‘lsa-da, sifati talabga javob bermaydi. 

Prezidentimiz Navoiy viloyatidagi “Ariston thermo – UTG” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonada ishlab chiqarilayotgan gaz isitish qozonlarini lizing asosida uylarga o‘rnatish kerakligini ta’kidladi. 

Barcha ishlarimiz xalqni rozi qilish, ularning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shuning uchun Bekobod shahridagi issiqlik tizimi bilan ta’minlanmagan barcha ko‘p qavatli uylarni individual gaz isitish qozonlari bilan ta’minlaymiz, unga sarflanadigan zarur mablag‘lar ajratamiz. Xonadonlarga o‘rnatiladigan gaz isitish qozonlari aholiga lizing asosida beriladi. 

Xalqimiz oldida qarzimiz ko‘p, dedi Prezidentimiz mahalla ahli bilan uchrashuvda. Ularning dardini eshitish, muammolarini hal etish uchun yangi tizim joriy etildi. Ya’ni har bir tuman-shaharda hokim, prokuror, soliq bo‘limi boshlig‘i, ichki ishlar bo‘limi rahbari hududlarga bo‘linib, muammolarni hal qiladi. Ular o‘ziga qarashli hududdagi har bir xonadonga kirib muammolarini o‘rganadi, bog‘cha, maktab, shifoxona va boshqa muassasalar faoliyatidagi kamchiliklarni hal etishga ko‘maklashadi. Har uch oyda bir marta Prezidentga hisobot beradi. 

Oddiy odamlar bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezishi kerak. Ular ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Ularga bugun yaxshi sharoit yaratib berishimiz kerak. Barcha amalga oshirayotgan ishlarimizdan ko‘zlangan maqsad-muddao ham shu, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bugun erishayotgan yutuqlarimiz xalqimizning mehnatsevarligi samarasidir. Birgalikda fidoyilik bilan ishlasak, bundan-da katta yutuqlarga erishamiz. 

Odamlarning yaxshi yashashi uchun qulay sharoit yaratish, zarur hayotiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish, ish bilan ta’minlash – demografik o‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan mamlakatlar oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz aholisi 32 million 345 mingdan oshdi. Aholi soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. 

Buni Bekobod shahri misolida ham ko‘rish mumkin. Ayni paytda shahar aholisi 90 mingdan ziyod. 2035-yilga borib aholi nufusi 110 mingga yetishi kutilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan “demografik o‘sish” talablarini bajarishni taqozo etadi. 

Xo‘sh, bu vazifa qanday va nimaning hisobiga bajariladi? 

Prezidentimiz Bekobod shahrining 2035-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi taqdimotida asosiy e’tiborni ayni shu masalaga qaratdi. 

Qayd etilganidek, aholi turmush farovonligi – mehnat bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish, bandlik sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini takomillashtirish, shahar infratuzilmasini tubdan yangilash, kichik sanoat zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish singari muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bilan ta’minlanadi. 

Xususan, 2017-2018-yillarda umumiy qiymati 3,8 trillion so‘mlik 179 loyiha amaliyotga tatbiq etilib, qariyb 5 ming aholi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi. 

Yangi mavzelar quriladi, ko‘p qavatli uylar qad rostlaydi. 

Uylar O‘zbekiston metallurgiya kombinati va Bekobod sement zavodi ishchilari uchun tijorat banklarining krediti hisobidan quriladi. Har yili o‘rtacha 1 ming 200 xonadon foydalanishga topshiriladi. Mavzedagi birinchi uylarni bir yildan so‘ng, Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda. 

Davlatimiz rahbari mazkur uy-joylar atrofida bog‘ yaratish, aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurish, bir so‘z bilan aytganda, mo‘jaz shaharcha barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shaharchani tez va qisqa fursatda bunyod etish kerakligini ta’kidlab, uni “Mustaqillikning 27-yilligi massivi”, deb nomlashni taklif qildi. 

Bekobod shahrida joriy yilda har biri 42 xonadonga mo‘ljallangan yetti qavatli ikkita uy qurilmoqda. 2018-yilda xuddi shunday yana 10 ko‘p qavatli uy-joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Shahar markaziy shifoxonasi binosi 1964-yilda qurilgan, bugungi kunda ta’mirtalab bo‘lib qolgan. 2017-2018-yillarda bu yerda 12 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish va rekonstruksiya ishlari bajariladi. Bir million dollarlik tibbiy jihozlar keltirilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Aholiga yanada keng qulaylik yaratish maqsadida Toshkent – Bekobod yo‘nalishida elektrichka qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. 

Xalqimizda “qadrlagan – qadr topar”, degan naql bor. Xotirlash esa hayotdan ko‘z yumganlarni eslash va ularning haqiga xayrli duolar qilishdir. Prezidentimiz Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi Muxtor Mirkomilovning turmush o‘rtog‘i bevaqt vafot etgani munosabati bilan o‘tkazilayotgan ta’ziya marosimida ishtirok etib, xonadon egalariga chuqur hamdardlik bildirdi, sabr-toqat tiladi. Mutasaddi rahbarlarga boshiga musibat tushgan ushbu oilaga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi. 

Insonlarning dardu tashvishini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezonidir. Prezidentimizning ushbu teran ma’noli so‘zlari hayotimizdan tobora keng o‘rin egallamoqda. Davlatimiz rahbarining amaliy faoliyatida, tashabbus va takliflarida bu haqiqat yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu Bekobod shahar aholisi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda ham yana bir bor o‘z ifodasini topdi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida “Metallurg” madaniyat saroyida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati va Bekobod shahri faollari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylardagi Xalq qabulxonalari aholi bilan muloqotning muhim tizimiga aylangani, turli masalalarga o‘z vaqtida yechim topilib, odamlarni rozi qilayotgani ta’kidlandi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Aholiga barcha zarur sharoitlar yaratish, kommunikatsiya tizimlarini yangilash, hududlarni obodonlashtirish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

 

 

A’lo Abdullayev (surat), O‘zA 

Поделиться