O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasida ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari va unda yoshlarning o‘rni
2017-08-18 | Turizm
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida bo‘lib o‘tgan yoshlar forumi ana shunday nomlandi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va boshqa qator davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan forumda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar, tajribali mutaxassislar, ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Turizm industriyasi, xususan, ichki turizm yurtimiz iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos turistik jozibaga ega. Shu bois turizmni rivojlantirish hisobidan minglab yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin. Ayniqsa, bu borada ichki turizm imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, yoshlar turizmini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qadim o‘tmishimizdan so‘zlovchi tarixiy yodgorliklarni ko‘rish, boy merosimizni o‘rganish yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini yuksaltiradi. Mazkur tadbir uchun aynan Shahrisabz shahri tanlangani bejiz emas. Negaki, bu hududning tabiati maftunkor, shahar qadimiy obidalarga boy. Bugun tobora chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan Shahrisabzga kelishni ko‘pchilik orzu qiladi. Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham yurtimizning tarixiy joylariga, ulug‘ avliyolar va buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarga sayohat uyushtirish, hududlarning turistik salohiyatini o‘rganish va yanada yuksaltirish, bu jarayonda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.
Forum ishtirokchilari to‘rt guruhga bo‘lingan holda, ichki turizmni rivojlantirish istiqbollari, yoshlar turizmi, turizmga ixtisoslashgan ta’lim, hududlardagi turizm infratuzilmasining holati, ichki turizm sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish kabi mavzularda fikr almashdi.
– Bugungi tadbirda bildirilayotgan fikrlardan ko‘rinadiki, ichki turizmni rivojlantirishda yoshlar alohida o‘rin tutadi, – deydi navoiylik Sabina Xudoyqulova. – Masalan, men O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi huzurida ish boshlagan yoshlar turizmini rivojlantirish klubi koordinatoriman. Haqiqatan ham, yoshlarning turizm sohasiga qiziqishi yuqori. Buni klubimiz a’zolarining soni qisqa vaqtda 150 nafarga yetganida ham ko‘rish mumkin. Forumda o‘z takliflarim bilan ishtirok etdim. Navoiy viloyatida 40 dan ziyod tarixiy obyekt mavjud. Ekoturizmni rivojlantirish uchun xushmanzara so‘lim go‘shalar bisyor. Lekin sayyohlarning kelishini ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Sababi, ular deyarli reklama qilinmaydi. Albatta, bu ishlar katta mablag‘ talab etadi. Bizning klub ana shu tarixiy joylar, tabiat in’om etgan ekoturistik hududlar reklamasini tashkil etish va viloyatning turistik salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan. Bunga erishish yo‘llari xususida forumda soha mutaxassislaridan ko‘plab foydali ma’lumotlar oldim.