O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT sohasidagi xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
2017-08-18 | Texnologiyalar
“Unicon.uz” Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi ochiq dasturiy ta’minot texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi sheriklikni mustahkamlash maqsadida Janubiy Koreyaning “Bridgesoft inc” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
“Unicon.uz” davlat unitar korxonasi rahbari Xislat Hasanov va “Bridgesoft inc” kompaniyasining bosh direktori Kim Nam Gyu sifatli dasturiy ta’minotni ishlab chiqish zamonaviy AKTni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi ushbu sohadagi hamkorlik yil sayin mustahkamlanib, kengayib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yurtimiz softver sanoatini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi, dasturchilar uchun yangi imtiyoz va imkoniyatlar taqdim etdi.
Memorandum doirasida Janubiy koreyalik hamkorlar “Unicon.uz” tomonidan ishlab chiqilayotgan “IJRO.GOV.UZ” tizimini rivojlantirish uchun grant mablag‘larini taqdim etishni rejalashtirgan. Mazkur dastur ijro intizomini nazorat qilish bo‘yicha yagona idoralararo elektron tizim bo‘lib, ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash tartibini markazlashtirishga va avtomatlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, memorandumda 2018-yil O‘zbekistonda keng ko‘lamli ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha axborot tizimini ishlab chiqishga oid tadqiqotni o‘tkazish ko‘zda tutilgan.