Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 7-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2017-yildan boshlab avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni”, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga usta binokorlar, me’mor va loyihachilar, pudratchi tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, soha ilg‘orlari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o‘qib eshittirdi.
Qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida bugun qurilish industriyasi milliy iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, aholi turmush farovonligining oshib borishini ta’minlashda muhim tarmoqlardan biriga aylangani qayd etildi. Pudrat tashkilotlari soni qariyb 24 mingga yetgani, 31 bosh loyiha instituti va mingga yaqin loyiha tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayotgani, uch arxitektura va qurilish instituti bilan bir qatorda 12 oliy ta’lim muassasasi hamda 390 kasb-hunar kollejida soha uchun mutaxassislar tayyorlanayotgani qurilish sanoatining izchil taraqqiyotida muhim omil bo‘layotir.
Bunyodkorlik bizga ajdodlardan meros. Amir Temur bobomizning “Bizning kuch-qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing” degan purma’no jumlasi zamirida ham ana shu haqiqat o‘z aksini topgan. Istiqlol yillarida azim poytaxtimizdan tortib eng chekka qishloqlarning qiyofasini tamoman o‘zgartirgan bino va inshootlar binokorlik borasidagi milliy an’analarimiz davom etayotgani, sohaga zamonaviy bilim va tajribalar keng tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 1-maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori arxitektura va qurilish faoliyatini diversifikatsiyalashda harakat dasturiga aylandi. Mazkur hujjatlarga muvofiq, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining arxitektura va shaharsozlik sohasida yagona davlat va ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish jarayonidagi rolini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Binokorlarimiz yurtimizda aholini arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarda ham jonbozlik ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi hamda “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy uy-joylar qad rostlamoqda. Poytaxtimizning Sergeli tumanida joriy yil oxiriga qadar qurib bitkazilishi rejalashtirilayotgan 102 ko‘pqavatli uy 4 mingdan ziyod oilaning o‘z shaxsiy xonadoniga ega bo‘lishiga imkon yaratsa, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha 15 ming arzon uy-joy barpo etiladi.
Soha fidoyilarining tinimsiz mehnati va izlanishlari samarasida so‘nggi yillarda poytaxtimizda qad rostlagan “Bunyodkor” stadioni, “Xayatt Rijensi” mehmonxonasi, Inha universiteti filiali, “Minor” masjidi, Farg‘ona shahridagi san’at saroyi va futbol stadioni, Jizzax shahridagi stadion va universal sport kompleksi, Urganch shahridagi universal sport kompleksi va Navoiy davlat konchilik instituti bino-inshootlari bugun nafaqat quruvchi-bunyodkorlarimiz, balki har bir yurtdoshimizda faxr va g‘urur hissini uyg‘otayotgani ayni haqiqat.
Tadbirda Prezidentimizning shu yil 10-avgustdagi “Mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, bir guruh soha vakillari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
– Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylandi, – deydi “Agrokvant” korxonasi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Baxtiyor Ahmedov. – So‘nggi yillarda bunyod etilgan yirik sanoat va transport kommunikatsiyasi obyektlari deysizmi, aholi uchun qulay, shinam va, eng asosiysi, arzon uy-joylar deysizmi – bularning barchasi yurtimizda qurilish sanoatini izchil rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning mahsulidir. Davlatimiz rahbari tomonidan biz – quruvchilarning mehnati yuksak baholanib, qurilish sohasi xodimlari kunining rasman belgilab qo‘yilishi Vatanimiz ravnaqi yo‘lida yanada ko‘proq ishlash va izlanishga rag‘batlantiradi.
Tadbirda taniqli san’atkorlar ijrosida konsert namoyish etildi.
Behzod Bozorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA