O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energiya samaradorligi–rivojlanish omili
2017-08-10 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki guruhi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida Samarqand, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari bo‘ylab media-tur tashkil etildi.
Mazkur loyiha yirik sanoat korxonalarida energiyani tejash yo‘li bilan ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, ichki va tashqi bozorda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan.
Loyiha doirasida yurtimizdagi 30 dan ortiq sanoat korxonasida Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va O‘zbekiston tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobiga xorijdan zamonaviy texnologiya va uskunalar keltirib o‘rnatildi, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli hajmini qisqartirishga erishildi.
“Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatida 2014-yilda loyiha asosida Italiyaning “Isi Saldaie” kompaniyasidan energiya tejamkor ikkita bug‘ qozoni keltirib o‘rnatildi. Umumiy qiymati 965 ming dollar bo‘lgan uskunalarning 772 ming dollari Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti hisobidan, qolgan qismi “Asaka” bankning Afrosiyob filiali tomonidan to‘lab berildi.
Mazkur loyiha tashkilotchilari va ishtirokchilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat media-tur qatnashchilari dastlab “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, loyihani amalga oshirish jarayoni bilan tanishdi.
– Korxonamizda loyiha asosida umumiy quvvati 250 kVt bo‘lgan ikkita zamonaviy bug‘ qozoni 2014-yil 1-sentabr kuni ishga tushirildi, – deydi “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori D.Kunarov. – Bungacha esa soatiga 35 tonna bug‘ ishlab chiqaradigan 360 kVtli qozonlardan foydalanar edik. Yangi uskunalar o‘rnatilishi natijasida soatiga 110 kVt elektr energiyasini tejashga erishildi. Agar buni bir yillik iste’mol bilan hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, 665,2 ming kVt soat yoki 127 million so‘m iqtisod qilingani oydinlashadi. Tabiiy gaz iste’molidan esa bir yilda 988 ming kub metr yoki 243 million so‘m tejab qolindi. Iqtisod qilingan ushbu mablag‘lar korxonada modernizatsiya ishlari ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilmoqda. Loyihada ishtirok etish barobarida joriy yilda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan yog‘-moy korxonalari orasida birinchi bo‘lib energiya samaradorligiga yo‘naltirilgan energomenejment tizimi va energotejamkorlik bo‘yicha xalqaro ISO 50001:2011 sertifikatini qo‘lga kiritdik.
Media-tur qatnashchilari korxonada energiya tejamkor uskunalardan foydalanish tizimi va uning samarasi, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga loyiha ishtirokchilari va ekspertlardan atroflicha javob oldi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda shu kabi zamonaviy bug‘ qozonxonalari “Urganch yog‘-moy”, “Uchqurg‘on yog‘-moy” va “Toshkent yog‘-moy kombinati” aksiyadorlik jamiyatlari korxonalarida ham o‘rnatilgan. Buning natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 0,9 million kVt soat elektr energiyasi va 2 million kub metr tabiiy gaz tejalmoqda. Shu bilan birga, yog‘-moy kombinatlarida qozon agregatlarining barqaror ishlashini ta’minlash hamda zaharli chiqindilar hajmini kamaytirishga erishilmoqda.
– Media-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish jarayonlari bilan jurnalistlarni, ular orqali xalqimizni keng tanishtirish, yirik sanoat korxonalarida energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tajribasi hamda energiya samaradorligiga investitsiya yo‘naltirishning afzalliklarini ko‘rsatishdan iborat, – deydi loyihaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Dariya Kudabayeva. – Ishtirokchilar bu borada juda ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Umuman, besh kunlik media-tur davomida ishtirokchilar 19 subloyihaning natijalari, ularning afzalliklari bilan yaqindan tanishadi.
Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda loyiha doirasida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha 82 subloyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarning muvaffaqiyatli bajarilishi yiliga 500 million kVt soat elektr energiyasi va 187,7 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.