O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSH-O‘zbekiston olimlarining ikkinchi xalqaro konferensiyasi haqida ma’lumot
2017-08-09 | Jamiyat
Mamlakatimiz taraqqiyotining bosh omillardan biri jamiyat istiqbolini belgilaydigan va zamon talablariga javob beradigan ta’lim tizimini rivojlantirish masalasidir.
Ushbu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ- 2909- son qarori oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, kadrlar tayyorlashning ma’no-mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida oliy ta’lim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish Dasturini tuzishda xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb etish, oliy ta’lim tizimini kelgusida har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari etib belgilanishi hamda har bir oliy ta’lim muassasasining 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan aniq va manzilli rivojlantirish dasturlarning qabul qilinishi alohida e’tiborga molikdir.
Hech shubhasiz, bugun o‘z ishini boshlayotgan mazkur yirik xalqaro ilmiy anjuman ham ushbu qaror mazmun-mohiyati va vazifalari bilan hamohang tarzda oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash borasidagi o‘ta ahamiyatli tadbirdir.
Urganch davlat universiteti va Kaliforniya davlat universiteti (Fullerton shahridagi) o‘rtasida 2011 yilda hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu memorandum O‘zbekiston va AQSH Davlatlari o‘rtasida 2010 yilda imzolangan ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida amalga oshirilgan. Imzolangan ushbu memorandum asosida Kaliforniya Davlat universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya 2012 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida bo‘lib I.Majidov va Yo.Irgashevlar bilan uchrashdilar. Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy Universiteti, M.G.Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot akademiyasining Toshkentdagi filiali, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi, Toshkentdagi Turin Politexnika universiteti va Xorazm Ma’mun akademiyasida bo‘lib hamkorlik qilish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdilar. Ushbu tashrif natijasida 2014 yil 20 – 23 may kunlari AQSH – O‘zbekiston olimlarining birinchi xalqaro konferensiyasi Kaliforniya Davlat universitetida o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada O‘zbekistonning 20 nafardan ortiq matematik, fizik, ximik va biolog olimlari va talabalari o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Bundan tashqari, konferensiya davomida “O‘zbekiston kunlari” deb nomlangan video va foto ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi va ushbu ko‘rgazma O‘zbekistonning AQSH dagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. AQSH – O‘zbekiston olimlarining ikkinchi xalqaro konferensiyasi 2017 yil 8-12 avgust kunlari Urganch davlat universitetida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu konferensiya Urganch va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tib, konferensiya davomida, “Xorazm qovunlari” sayli va AQSH madaniyati kunlari kabi tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Ushbu konferensiyaga dunyoning 50 nafardan ortiq olimlarining tashrifi rejalashtirilmoqda, jumladan: AQSHdan 21 nafar, Janubiy Koreyadan 4 nafar, Rossiyadan 3 nafar, Qozog‘istondan 3 nafar, Hindistondan 3 nafar, Xitoydan 2 nafar, Italiyadan 2 nafar, Polshadan 2 nafar va Fransiya, Malayziya, Turkiya kabi davlatlardan olimlarning tashrifi rejalashtirilmoqda.