O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Urganchda zamonaviy Yoshlar markazi foydalanishga topshirildi

2017-08-09 | Jamiyat

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy va hududiy kengashlari raislari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yosh avlod jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i hududida tashkil etilgan markazda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Yosh chevarlar”, “Yosh rassomlar”, “Yosh shaxmatchilar”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi o‘ndan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Turli tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan anjumanlar zali zamonaviy jihozlangan. 

– Markaz yoshlarning vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi bilan birga, ularni qiziqishiga qarab muayyan kasbga o‘rgatish, sport bilan shug‘ullanishiga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati kengashi raisi M.Masharipov. – Ularda Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi. Viloyatimizda navqiron avlod vakillari ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli yo‘nalishlari – ishlab chiqarish, tadbirkorlik, ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalarda faol ishtirok etib, zamonaviy maskanlarda ta’lim-tarbiya olmoqda, sport bilan shug‘ullanmoqda.

Yoshlar markazining foydalanishga topshirilish marosimi Xonqa tumanida yosh tadbirkor va fermerlarning muammo va takliflarini o‘rganishga bag‘ishlangan muloqot, Urganch tumani Komiljon Otaniyozov nomidagi ijod markazida yosh ijodkorlar uchrashuvi, Urganch shahrida “Temurbeklar maktabi” harbiy-yuridik litseyning tashkil etilishi, “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati Xorazm viloyati filialida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, Hazorasp tumanidagi pedagogika kolleji binosi negizida Yoshlar markazi ish boshlashi kabi tadbirlarga ulanib ketdi. 

Tadbirlar doirasida Urganch shahridagi “Yoshlik” massivida 32 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli “Yoshlar" uyi o‘z egalariga topshirildi. 

– Bugun bizning oilamiz uchun qo‘shaloq bayram, – deydi yosh oila bekasi Latofat Yusupova. – Yaqinda farzandli bo‘ldik. Farzandimizni tug‘ruqxonadan to‘g‘ri mana shu yangi uyimizga olib keldik. Uy juda zamonaviy va ko‘rkam. Qo‘shnilarimizning barchasi ijtimoiy faol yoshlar ekan. Biz, yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. 

Shu kunga qadar Xorazm viloyatining Gurlan, Xonqa, Xiva, Urganch tumani va Urganch shahrida 256 yosh oilaga mo‘ljallangan “Yoshlar” uyi topshirilgan. 

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.

 

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA

Поделиться