O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Biznes ombudsman": taklif va mulohazalar
2017-08-08 | Iqtisodiyot
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda "Tadbirkor ayol" uyushmasi hamkorligida tashkil etgan yig‘ilishda qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish va tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida bildirilgan takliflarni umumlashtirish borasida so‘z yuritildi.
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi A.Saidov mazkur qonun loyihasi davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan keng muhokama qilingani, mazkur jarayonda tadbirkorlar faol qatnashayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutning tashkil etilishi xususiy mulkni himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish doimo e’tiborda ekanligidan dalolatdir.
Muhokamalar jarayonida deputatlar, tadbirkorlar qonun loyihasi yuzasidan takliflar, tavsiyalar bildirdi. Xususan, ishtirokchilarning "Biznes ombudsman"ning viloyatlarda vakili bo‘lishi lozimligi, vakilga shikoyat qilish muddati bilan bog‘liq va boshqa takliflari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Qonun loyihasida vakil tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan kelgan shikoyat va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi bilan bog‘liq qoidalar ham qizg‘in muhokama qilindi.