O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya Tashqi ishlar vaziriga maktub
2017-08-07 | Siyosat
Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Taro Kono Janobi Oliylariga
Hurmatli janob Kono,
Sizni Yaponiya Tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlanganingiz bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarning barcha jabhalari bo‘yicha 2002-yilda qabul qilingan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida ochiq va samarali siyosiy muloqot o‘rnatilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni xohlardim.
2015-yilning oktabr oyida Yaponiya Bosh vaziri janob Sindzo Abening O‘zbekistonga rasmiy tashrifining muvaffaqiyatli o‘tishi O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining yuqori darajada ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi hamda ikki tomonlama hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishga yangicha sur’at baxsh etdi.
Biz janob Sindzo Abening O‘zbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida ahamiyat qaratamiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi siyosiy muloqotning yanada rivojlanishi, ko‘p qirrali hamkorligimizni amaliy mazmun bilan boyitish tarafdorimiz.
Aminmanki, Sizning ko‘magingizda O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik munosabatlari va strategik sheriklik ikki davlat xalqlari farovonligi yo‘lida kelajakda ham har tomonlama rivojlanadi.
Janob Kono, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik va mas’uliyatli davlat lavozimidagi faoliyatingizga zafarlar tilayman
Hurmat bilan,
Abdulaziz Kamilov,
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri