O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh dasturchilar tanlovi boshlandi
2017-08-07 | Texnologiyalar
Mamlakatimizda istiqbolli g‘oyaga ega va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida innovatsion loyihalar tayyorlaydigan yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonda softver sanoatini rivojlantirish va innovatsion korxonalar tashkil etishni rag‘batlantirish imkonini bermoqda.
AKT mutaxassislariga o‘z loyihalarini amalga oshirish imkonini beradigan turli tanlov va grant dasturlari tashkil etilayotgani mamlakatimiz dasturchilarining innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashning amaliy mexanizmiga aylanmoqda. 2013-yildan buyon O‘zbekistonda dasturiy ta’minot yaratish bo‘yicha “Best Soft Challenge” respublika yoshlar tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Tanlov dasturiy ta’minot mahsulotlarini yaratayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, bu borada yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, yurtimiz dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda shu yilning 16-oktabrigacha davom etadigan navbatdagi yoshlar tanlovi ishtirokchilarini ro‘yxatga olish davom etmoqda. Unda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlarining 25 yoshgacha bo‘lgan talabalari o‘z bilim va salohiyatini sinab ko‘radi. Tanlovda qatnashish uchun ular yakka yoki guruh tartibida (uch kishigacha) software.uz saytida on-layn rejimida ro‘yxatdan o‘tishi va tayyorlangan dasturiy ta’minot mahsulotlarini taqdim etishi zarur.
Joriy yilda tanlovni o‘tkazish tartibiga o‘zgartishlar kiritilgan. Avvalgi tanlovlarda ishtirokchilar faqat tayyor dasturiy yechimlarni namoyish qilgan bo‘lsa, endi "Aqlli shahar", "Kompyuter va mobil o‘yinlar", "Savdo va xizmatlar sohasida eng yaxshi loyiha" va "AKT sohasida innovatsion g‘oya" nominatsiyalarida loyihalarini hakamlar e’tiboriga havola etadi. Hakamlar hay’ati taklif etilgan har bir loyihaning dolzarbligi, o‘ziga xosligi, foydalanilgan texnologik yechimlar va interfeysning qulayligini baholaydi.
Mazkur nominatsiyalar mamlakatimiz va butun dunyoda dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishning zamonaviy yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda joriy etilgan. Ayni paytda O‘zbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xavfsizlikni ta’minlash va huquqni himoya qilish sohasiga bosqichma-bosqich tatbiq etilayotir, "Aqlli shahar" tizimini yaratish dasturi amalga oshirilmoqda.
“Best Soft Challenge” tanlovi o‘tgan vaqt mobaynida nafaqat yosh dasturchilar real sharoitlarda o‘z bilimini sinab ko‘rish va g‘oyalari ahamiyatini baholashi mumkin bo‘lgan maydonga aylandi, balki mamlakatimiz softver sanoatini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.
Tanlovning yakuniy bosqichi shu yilning 1-10-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.