O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hamkorlik memorandumi imzolandi

2017-08-07 | Jamiyat

Poytaxtimizda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan har bir muammoga yechim topish, yoshlarning mamlakatni demokratlashtirish va yangilash jarayonlaridagi ishtirokini ta’minlash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Ushbu memorandum davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi, 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonlari hamda mamlakatimizdagi yoshlarga oid normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilishini ta’minlash borasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni nazarda tutadi. 

Tadbir doirasida Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda yoshlarning o‘rni, tadbirlarda keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar faolligining dolzarb jihatlarini aks ettirgan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

«Harakatlar strategiyasi» ko‘ngilli yoshlar guruhlari a’zolarining yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan «Yoshlar taraqqiyot tarafdori» respublika forumini tashkil etish asosiy loyihalardan biri sifatida qayd etildi. Harakatlar strategiyasini yoshlar orasida yanada kengroq targ‘ib qilish, Davlat dasturi ijrosida ularning ishtirokini faollashtirish, shuningdek, amalga oshirilgan islohotlar haqida ma’lumot berish, bu borada yoshlarning fikrlarini o‘rganish, yangi taklif va g‘oyalarni hayotga tatbiq etish ushbu forumning asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi 

Ta’lim muassasalarida «Harakatlar strategiyasi» xonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihasi ham ishtirokchilar tomonidan ma’qullandi. Tashkil etiladigan mazkur xonalarda Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarning axborot ta’minoti amalga oshiriladi. Ta’lim, vatanparvarlik, sport-sog‘lomlashtirish, madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar, san’at, xayriya, rasmiy va boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlar o‘tkaziladi. 

Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan yana bir dolzarb g‘oya – yosh jurnalist, bloger, reportyor, operator va tahrirchilar ishtirokida «Bizning strategiya, bizning harakatlar» shiori ostida media konferensiya tashkil etish hamda faol qatnashganlarni rag‘batlantirish loyihasi ijobiy baholandi. 

Savol-javob va muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. 

 
Nurillo Nasriyev, O‘zA

Поделиться