O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga

2017-08-07 | Siyosat

Qadrli vatandoshlar! 

Muhtaram do‘stlar! 

Avvalo, siz, azizlarni – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilari, barcha xodimlarni yurtimiz hayotida ilk bor nishonlanayotgan qutlug‘ sana – Temiryo‘lchilar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. 

Mustaqillik yillarida butun mamlakatimiz qatori O‘zbekiston temir yo‘llari sohasi ham og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli shakllanish va rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. 

O‘tgan davrda mamlakatimizning barcha hududlarini ishonchli va samarali bog‘laydigan, xalqaro transport tarmoqlariga chiqishni ta’minlaydigan, mustaqil, yagona va yaxlit temir yo‘l transporti kommunikatsiyalari tizimi barpo etilgani, hech shubhasiz, shu yo‘nalishda erishgan eng katta tarixiy yutug‘imiz bo‘ldi. 

Sizlarga yaxshi ma’lum, hozirgi vaqtda yuk va yo‘lovchi tashishning asosiy qismi temir yo‘l sohasiga to‘g‘ri keladi va bu tarmoqning iqtisodiyotimizni rivojlantirishdagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. 

Xalqaro transport tizimlarining ajralmas qismi va muhim bo‘g‘ini bo‘lgan O‘zbekiston temir yo‘llarining xalqaro tashuvlar tizimidagi roli yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. 

Qadim zamonlardan buyon Buyuk ipak yo‘li va ko‘plab savdo yo‘llari tutashgan mintaqada joylashgan O‘zbekistonning geografik jihatdan o‘ta muhim o‘rni bu zaminda turli sivilizatsiya va madaniyatlararo muloqot va hamkorlik aloqalari muntazam amalga oshirilishi uchun qulay imkoniyat yaratgani shubhasiz, albatta. 

Xalqaro hamjamiyatning e’tirof etishicha, O‘zbekiston Sharq bilan G‘arbni, Janub bilan Shimolni bog‘laydigan ulkan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega. 

Ana shu salohiyat va imkoniyatdan samarali foydalanayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ko‘p millatli jamoasi temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish, takomillashtirish va rekonstruksiya qilish, temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini ta’minlash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. 

O‘tgan yillar davomida temiryo‘lchilarimiz tomonidan 1100 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘llar barpo etilgani, 4 ming kilometrlik temir yo‘l magistrallari modernizatsiya qilingani, 1700 kilometrlik temir yo‘l bog‘lamalari elektrlashtirilgani tahsinga sazovordir. 

Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun g‘oyat muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan va Amudaryo uzra qurilgan ko‘prikni ham qamrab olgan Navoiy – Uchquduq – Nukus – Sulton Uvaystog‘, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on va Angren – Pop temir yo‘llarining bunyod etilishi bilan O‘zbekistonning yagona va mustaqil temir yo‘l tarmog‘ini shakllantirish ishlari yakuniga yetkazilganini ta’kidlash zarur. 

Murakkab tog‘ va iqlim sharoitida bunyod etilgan, dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog‘ cho‘qqilari orqali o‘tgan va zamonaviy infratuzilma obyektlari bilan ta’minlangan, umumiy uzunligi 346 kilometr bo‘lgan Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on hamda Angren – Pop temir yo‘llari Markaziy Osiyo mintaqasida noyob inshootlar hisoblanadi. 

Ayniqsa, Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘li loyihasini amalga oshirishda O‘zbekiston temiryo‘lchilari bilan birga xitoylik mutaxassislar ham katta hissa qo‘shganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. 

2016-yilda ishga tushirilgan ushbu temir yo‘l tarmog‘i Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan ishonchli bog‘lash imkonini yaratish bilan birga, Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l tizimining ajralmas va muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qilayotgani ayniqsa e’tiborlidir. 

Yangi temir yo‘llarning foydalanishga topshirilishi mamlakatimizning shimoliy va janubiy hududlarining iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, mineral resurslar, neft va gaz, rangli metallar, qurilish materiallari va boshqa xomashyoga boy konlarni kompleks o‘zlashtirish, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, ming-minglab yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minlash imkonini berayotgani barchamizni xursand qiladi. 

Ana shu ishlarning izchil davomi sifatida Maroqand – Qarshi temir yo‘l uchastkasida elektrlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazildi, Qarshi – Termiz temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining transport sohasidagi xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida harakatlanadigan tarkibni zamonaviy, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta’minlash va modernizatsiya qilishga alohida e’tibor berilmoqda. So‘nggi yillarda 49 ta zamonaviy elektrovoz va 10 ta yo‘lovchi tashiydigan teplovoz sotib olingani, 120 ta lokomotiv modernizatsiya qilingani bu boradagi ishlar ko‘lami tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. 

“Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonasida harakatlanadigan tarkibni ta’mirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan loyihani amalga oshirish jarayonida 26,5 ming tonna metall quyish quvvatiga ega bo‘lgan korxona tashkil etildi, yangi yuk vagonlari, ko‘p tonnali konteynerlar ishlab chiqarishni kengaytirish va yuk vagonlarini kapital ta’mirlash va qayta tiklash ishlari yakuniga yetkazildi. 

Ispaniyaning jahonga mashhur “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning e’tibori va ishonchini qozondi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. 

Hozirgi kunda ushbu poyezdlar poytaxtimiz Toshkent shahridan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda, yo‘lovchilarimiz vaqtini ikki barobargacha qisqartirmoqda. 

O‘tgan davrda mamlakatimizda 16 ta yangi temir yo‘l vokzali bunyod etildi, 9 ta vokzal rekonstruksiya qilindi hamda yo‘lovchilarga xalqaro standart va talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi. 

Mustaqillik yillarida temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish va infratuzilmalarni obodonlashtirish maqsadida 7,5 milliard dollardan ortiq kapital qo‘yilmalar, jumladan, 2,4 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi. 

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yo‘l, energiya ta’minoti, telekommunikatsiyalar, lokomotivlar, vagon va konteynerlardan foydalanish, yo‘lovchi tashish xo‘jaliklari, shuningdek, tarmoq loyihachilari, quruvchilari hamda sanoat korxonalari mamlakatimiz temir yo‘l tizimini rivojlantirishga, uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga salmoqli hissa qo‘shayotganini minnatdorlik bilan qayd etmoqchiman. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan kundan buyon yuk tashish hajmi 2,1-marta, yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobar ko‘paygani, temir yo‘llar orqali 1,4 milliard tonna yuk tashilib, 350 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan amalga oshirilgan ishlar salmog‘i naqadar katta ekanidan dalolat beradi. 

O‘z tarkibida 73 ming nafar yuqori malakali injener-texnik xodim va mutaxassislar, yo‘lsozlar, mashinistlarni, sanoat, loyiha va qurilish korxonalari, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining ishchi va xizmatchilarini birlashtirgan mehnat jamoasi, hech shubhasiz, tarmoqning bunyodkor kuchi, bebaho boyligidir. 

Aynan ana shunday o‘z kasbiga sadoqatli va fidoyi yurtdoshlarimizning sidqidildan qilayotgan samarali mehnati, bilim va tajribasi tufayli temir yo‘l tarmog‘i xalqimiz o‘rtasida haqli ravishda obro‘-e’tibor, hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lib kelmoqda. 

Hurmatli temir yo‘l transporti xodimlari! 

Sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, fidokorona mehnatingiz, Vatanimiz ravnaqi va farovonligi yo‘lida qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, ezgu ishlaringizda yangi-yangi muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik va fayzu baraka tilayman. 
 

Shavkat Mirziyoyev, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Поделиться