O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eng yaxshi yoshlar tashabbuslari aniqlandi
2017-08-03 | Jamiyat
Mamlakatimizda yoshlarning ijtimoiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng yaxshi yoshlar tashabbusi» ko‘rik-tanlovi e’lon qilingan edi.
Poytaxtimizda ana shu ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalari hamda g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovga 22 o‘quv muassasasidan qariyb 450 talabaning 150 ta loyihasi taqdim etildi.
Loyihalarda organik, plastik, qog‘oz va shisha chiqindilarni to‘plash orqali chiqindilarni boshqarish, mahalliy barqaror iqlimga moslashgan o‘simliklarni ekish natijasida universitet hududini ko‘kalamzorlashtirish singari dolzarb masalalarga e’tibor qaratilgan.
– Talabalar ishlarida universitetlarda «yashil» arxitektura va dizayn yaratish, atmosfera havosini tozalash, o‘quv jarayoniga elektron yechimni, qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ijtimoiy tadbirlarni tashkil qilish, energiya alternativ manbalaridan foydalanish va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar yetakchilik qiladi, – deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Xaniya Asilbekova. – Kelgusida mazkur loyihani yanada takomillashtirish, ishtirokchilar safini kengaytirish, loyihalar saviyasini oshirish niyatidamiz.
Hay’at a’zolari xulosasiga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Buxoro davlat universiteti talabalari ko‘rik-tanlov g‘olibi, deb topildi. Tanlov g‘oliblariga diplom, guruh sardoriga joriy yilda Buyuk Britaniyaga safar qilish va u yerdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha fikr almashish imkoniyati hamda tanlov loyihasini amaliyotga tatbiq etish uchun pul mukofoti berildi. Eng yaxshi loyihalar mualliflari ham sovg‘alar va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Tadbirda azon qatlamini muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro fotosuratlar tanlovi e’lon qilindi.