O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eksport ko‘lami kengaymoqda
2017-07-31 | Iqtisodiyot
Jizzax viloyatida joriy yilning birinchi yarmida 4 million 900 ming dollarlikdan ortiq sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi.
Davlatimiz tomonidan soliq va boshqa to‘lovlar hamda chet eldan zamonaviy texnologiyalar va ehtiyot qismlar keltirish borasida berilayotgan imtiyozlardan iqtisod bo‘lgan mablag‘larni korxonalar sifatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirayotir.
– Prezidentimizning 2017-yil 21-iyundagi “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining Jizzax viloyatidagi vakili Umid Nishonov. – 2016-yilda viloyatdagi 36 korxona eksport faoliyati bilan shug‘ullanib, 38 million dollarlik mahsulot sotgan bo‘lsa, bu yil eksportchi korxonalar soni yana 18 taga ko‘paydi. Xorijga hududdagi sanoat korxonalaridan gilam, tayyor trikotaj mahsulotlari, ip-kalava, elektrotexnika buyumlari, paxta momig‘i, oltingugurt, ohak va shisha momig‘i (steklovata) kabi qurilish mahsulotlari chiqarilmoqda.
Mahsulot eksport qilishda “Roison home white goods”, “Diamond karpet”, “Forish texstile group”, “Ekoslimat” kabi yirik sanoat korxonalari yetakchilik qilayotir.
O‘tgan yili viloyat korxonalari mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Litva kabi mamlakatlarga eksport qilingan. Joriy yilda eksport geografiyasi Hindiston, Fransiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar hisobiga yanada kengaydi.
Zamonaviy kommunikatsiya va infratuzilmalarga ega “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan qulay investitsiya muhiti jahon standartlari talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qilayotir. Erkin iqtisodiy zona uchun belgilangan imtiyoz va yengilliklardan samarali foydalanayotgan korxonalar viloyat eksport salohiyatini oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz tomonidan meva-sabzavot yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan qulayliklar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga sotish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Joriy yilda hududda 25 qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 70 ming tonna olma, uzum, nok, behi, shaftoli, piyoz, karam, bulg‘or qalampiri, sabzi, pomidor, qovun, oshqovoq, mosh, loviya, no‘xat, kovul, muzlatilgan baliq kabi mahsulotlarni eksport qilish choralari ko‘rilmoqda.
Bu ishda dehqonlarga “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasining viloyat vakilligi xorijdan hamkorlar topish, shartnomalar tuzish, marketing va konsalting xizmati ko‘rsatish borasida ko‘maklashayotir.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirishda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning yirik shaharlarida 13 “Jizzax savdo uyi” tashkil etilgani yaxshi samara bermoqda. Joriy yil oxiriga qadar xorijda viloyatning yana 5 savdo uyini ochish ustida ish olib borilmoqda. Fermer va tadbirkorlarning mahalliy va xalqaro savdo ko‘rgazmalarida ishtirok etayotgani xorijiy hamkorlar topishda qo‘l kelmoqda.