O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Pilladan bir yilda ikki marta hosil olinadi

2017-07-31 | Iqtisodiyot

Dunyoning istalgan joyidan keltirilgan nihollar O‘zbekistonda gul ochib, hosilga kiradi. Donishmandlar bejiz aytmagan: bu zaminga qadalgan har bir cho‘p mehrdan bahramand bo‘lib, kurtak yozadi.

Keyingi paytlarda aholi orasida “Xitoy tuti” degan ibora paydo bo‘ldi. "Xorijdan keltirilgan bu nihollar katta maydonlarga ekilmoqda, biroq o‘zimizda ham tut daraxti ko‘p-ku?", deydiganlar ham topiladi. Ularga javoban mutaxassislar o‘z fikrini aytmoqda: u ipak qurtidan takror hosil olish yo‘lidagi istiqbolli qadamdir. 

Bahorning so‘nggi kunlarida pillaning ilk hosili taroziga tushdi. Mavsum yakunida yetishtirilgan mo‘l hosil pillakorlarimizga quvonch ulashish bilan birga g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shdi. Davlatimiz rahbarining Surxondaryo, Buxoro va Farg‘ona viloyatlariga tashrifi davomida ikki marta pilla boqishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalaridan ruhlangan “kumush tola” yetishtiruvchilar shu kunlarda takroriy pilla hosili parvarishlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. 

– Pilladan bir yilda ikki marta hosil olamiz deganimizda shubha bilan qaraganlar ham bo‘ldi, – deydi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi Bahrom Sharipov. – Shu kunlarda tajriba tarzda ipak qurti yetishtirish tadbirlari boshlab yuborildi. Iqlimimiz issiq bo‘lgani uchun bahorda tut bargi 20 kunda, yozda bir haftada qotadi. Shuning uchun bahordagi kabi katta miqdorda bo‘lmasa-da, kichikroq hajmda – 10 ming 500 quti ipak qurti parvarishlamoqchimiz. Shu maqsadda zvenolar tashkil etilib, inkubatoriyalarda tayyorgarlik boshlandi. 

Mavsum samarali o‘tishini ta’minlash va xorijlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish maqsadida Xitoydan malakali mutaxassislar ham jalb etildi. Hozir ular Surxondaryo viloyatida barpo etilgan qurt zavodida kuzgi pilla yetishtirish borasida mahorat darslarini o‘tmoqda. Unda uyushma tizimida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning vakillari ishtirok etmoqda. 

– Xitoy va O‘zbekiston aloqalari ming yillik tarixga ega, – deydi Xitoydagi Torgxiang Silkworm Co.Ltd kompaniyasi mutaxassisi Jan Jian Shing. – Buyuk ipak yo‘li bunga yorqin misoldir. Hozir bizda pilladan yiliga olti-etti marotaba hosil olinmoqda. Bu boradagi tajribamizni O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan baham ko‘rmoqdamiz. Bir oy davomida nazariyani amaliyot bilan birga olib boramiz. 
 

Xitoy tutining afzalligi nimada?


Pillachilikda yutuqlarning bosh omili qisqa muddatli, ammo ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon – yetarli miqdorda ozuqa jamg‘arish bilan bog‘liqdir. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir mamlakatimizda 51 ming gektar maydonda tutzorlar hamda 80 million tup tut daraxti mavjud. 

Xo‘sh, yoz mavsumida tut barglari qirqilib, ipak qurtiga ozuqa uchun berilsa, kelgusi yilda ozuqa bazasi qanday yaratiladi? Albatta, bu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. 

– Bu borada olimlarimiz pillakorlar uchun amaliy seminarlar, suhbatlar tashkil etmoqda, – deydi Ipakchilik ilmiy-tekshirish instituti direktori Shavkat Umarov. – Kuzgi ipak qurtini boqish jarayonida tut bargidan noto‘g‘ri foydalanish tutning keyingi yildagi rivojiga ma’lum ma’noda zarar yetkazishi mumkin. Bu borada qator tavsiyalar berilmoqda. Misol uchun, shu kunlarda tut daraxtlariga e’tibor bilan qaralsa, ularning yerga qarab o‘sgan pastki shoxlarini ko‘rish mumkin. Ana shu shoxlar, keyin yondan o‘sgan, eski shoxlar kesiladi. O‘suvdagi shoxlarga zarar yetishini oldini olish uchun ipak qurti parvarishining so‘nggi kunlarida navdani kesmasdan, barglarni ehtiyotlik bilan terib olish taklif qilinmoqda. Ana shunda biz bahorgi ipak qurti uchun ham yetarlicha ozuqa bazasini ta’minlay olamiz. 

Joriy yilning o‘tgan davrida uyushma joylarda Xitoydan keltirilgan 20 ming tup intensiv tut ko‘chatini ekdi. Ular sovuqqa chidamliligi, yirik bargi, ozuqa qiymatining yuqoriligi va o‘suvchanligi bilan pillakorlarimizga manzur bo‘lmoqda. Kelgusida bunday tut maydonlarining kengayishi pilladan takroriy hosil olish imkoniyatini yanada oshiradi. 

Yana bir gap. Kuzgi ipak qurtining hosildorligini ta’minlashda havo haroratini va namlikni bir me’yorda saqlash, hasharotlarga qarshi kurash ham muhim omillardan hisoblanadi. 
 

Hozircha Hindiston, keyin...


Iqtidorli yoshlar, malakali mutaxassislar har bir sohaning istiqbolini ta’minlaydi. Ular tajribasini oshirib borish, jahonning eng so‘nggi innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqarishga keng jalb etish davlatimiz e’tiborida bo‘lib kelmoqda. 

Yaqinda bir guruh yoshlar urug‘ tayyorlash va ipakchilik sohasidagi bilimlarini yanada oshirish uchun Hindistonga yuborildi. Bu mamlakat pilla yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Xususan, Bangalor shahrida yiliga o‘n martagacha "kumush tola" olinadi. 

– O‘zbek pillachiligi shuhratini yuksaltirish ishlariga yoshlarni keng jalb qilish chorlari ko‘rilmoqda, – deydi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Olim Jumayev. – Tizimga yoshlarning yangi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarini tatbiq etish, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlash, yetarlicha ko‘maklashishga intilmoqdamiz. Sentabr oyida yigirma, kelgusi yilda ellik yosh mutaxassis Xitoyga o‘qishga yuboriladi. Ular pilla yetishtirish, undan tola olish va qayta ishlash bo‘yicha o‘z bilim va tajribasini oshirib, qaytadi. Kelgusida Yaponiya bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohada yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil bo‘lmoqda. Ipakchilik tarmog‘i rivoji noyob ipak tolalari yetishtirish hajmini oshirish, qo‘shimcha daromad olish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuzgi ipak qurti 42 mingdan ziyod xonadonga bo‘lib beriladi. Bu pillakorlarning 6 milliard so‘mdan ziyod daromad ko‘rishini va qayta ishlash korxonalariga uch mingta mavsumiy ishchini jalb etishni ta’minlaydi.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Поделиться