O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

To‘qimachilik sanoati yangi bosqichda

2017-07-31 | Iqtisodiyot

Marg‘ilon shahrida “To‘qimachilik sanoati korxonalarida ishlab chiqarishni tashkil etishda ilm-fan integratsiyalashuvining o‘rni va dolzarb muammolar yechimi” mavzuida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Polsha kabi davlatlardan mutaxassislar, mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ipakchilik tarmog‘i korxonalari vakillari ishtirok etdi. 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Sharipov va boshqalar mamlakatimizda ipakchilik tarmog‘i va to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, ilm-fan sohasidagi innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Prezidentimizning joriy yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Qarorda tarmoq nufuzini oshirish uchun ozuqa bazasini jadal rivojlantirish, sifatli ipak qurti urug‘i yetishtirish tizimini keng yo‘lga qo‘yish, sanoatbop pilla xomashyosi yetishtirish va pillani qayta ishlash korxonalarining to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlash barobarida tayyor raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va sohaning eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq tadbirlar belgilangan. Bunday chora-tadbirlar natijasida 2021-yilga borib umumiy yetishtirilgan pilla hajmida pillani qayta ishlash ulushi 50 foizgacha oshiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mahsulot eksporti hisobidan valyuta mablag‘i tushumi ko‘payadi. 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan Farg‘ona viloyatida 2017-2021-yillarda ipakchilikni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani ma’qullandi. Joriy yilda 80-yilligini nishonlayotgan O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti ham bu borada yangi izlanishlar olib bormoqda. 

Xalqaro ilmiy-texnikaviy anjumanda ipakchilik sanoati, qishloq ho‘jalik ekinlarining hosildorligini oshirish, tutchilik, ipakchilik muammolari va innovatsion yechimlar, to‘qimachilik materiallari va mahsulotlari kimyo texnologiyasi, fundamental va iqtisodiy fanlarning to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishdagi o‘rni kabi yo‘nalishlarda sho‘balar ish olib bordi. Sohadagi dolzarb vazifalar xususida fikr almashildi. 

– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar ipak sanoati borasidagi hamkorlik azaldan rivojlanganidan dalolat beradi, – deydi Xitoyning Dongxua (Donghya) universiteti professori Xua Vang. – Jumladan, Buyuk ipak yo‘lidagi savdo aloqalari, hunarmandlik mahsulotlari ayirboshlangani katta tajribalarga asos bo‘lib xizmat qilgan. Ushbu tarixiy do‘stlik munosabatlari bugun yanada rivojlanayotgani bizni g‘oyat mamnun etadi. Anjumanda ipak sanoatini rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va ularni hayotga tatbiq etish haqida taqdimot o‘tkazdim. Bu jarayon ayni vaqtda butun dunyo mutaxassislarini qiziqtirmoqda. O‘ylaymanki, mazkur anjuman kelajakdagi mushtarak maqsadlarimizni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Mamlakatimizda xalq hunarmandligi va amaliy san’atimizning noyob turlarini qayta tiklash, yangi namunalarini yaratish, yoshlarni hunarga qiziqtirish, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida uyushma tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 3 mingga yaqin hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Bular orasida ayniqsa, Qo‘qon, Marg‘ilon, Rishton hunarmandlik maktablari mashhur. 

Marg‘ilon hunarmandlari yaratgan gilam, ipak mato, turli zargarlik va zardo‘zlik buyumlari, sopol idishlar xorijlik sayyohlarni ham hayratga soladi. 

Anjuman doirasida Marg‘ilon milliy hunarmandlik markazida Farg‘ona vodiysidagi kasanachi hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan ipak matolari ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, modalar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

– Marg‘ilon ipak matolari o‘zining rangi va ajoyib gullari, abr nusxali matolari yengil, nafis va go‘zalligi bilan ajralib turadi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Marg‘ilon shahar bo‘limi rahbari Rasuljon Mirzaahmedov. – Bu yerda qadimdan beqasam, banoras, shoyi, nim shoyi, atlas kabi matolar to‘qilgan. Bugungi kunda shahrimizda 5 mingdan ortiq xonadonda ipak mahsulotlari tayyorlanmoqda. Mustaqillik yillarida ipak matolarning yuzdan ziyod nusxasini tiklashga erishdik. 

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA

Поделиться