O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Puxta taraddud–amaradorlik omili
2017-07-31 | Iqtisodiyot
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida fermer xo‘jaliklari dala shiyponlarini paxta yig‘im-terimi mavsumiga tayyorlash va terimchilar uchun munosib sharoit yaratish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi hamkorligida tumandagi "Baxtiyor Abdusalomovich" fermer xo‘jaligida tashkil etilgan tadbirda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, otryad boshliqlari, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi idoralar, viloyat va tumandan biriktirilgan boshqarma, korxona va tashkilotlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Joriy yilda viloyatda o‘rtacha 27,9 sentnerdan hosil ko‘tarib, 219 ming 800 tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 3 ming 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 78 ming 900 gektar maydonda paxtaning “Namangan-77”, "S-6524", “Andijon-35”, “Namangan-34”, "S-8286", “Buxoro-102” navlari parvarishlanmoqda. Mavsum davomida izchil amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida ayni kunlarda har to‘p g‘o‘zada 7-8 tadan bo‘liq ko‘sak bor va sanoqli kunlardan so‘ng yig‘im-terim mavsumi boshlanadi.
– Qishloq xo‘jaligida ham mehnat unumdorligi va sifatida ishchilar uchun yaratilgan qulay ish sharoiti va mehnatkashlarning salomatligi, moddiy va ma’naviy manfaatdorligi bilan bog‘liq boshqa ijtimoiy muhofaza tadbirlari muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Z.Mahkamova. – Shu nuqtai nazardan, joriy yilgi terim mavsumida ham terimchilarning ijtimoiy muhofazasi, ularga munosib mehnat sharoiti yaratish masalalari tashkilotimizning asosiy diqqat-e’tiborida bo‘ladi.
Seminar ishtirokchilariga dala shiyponlarida davlat sanitariya-epidemilogiya nazorati markazi talablari asosida ayollar va erkaklar uchun alohida qo‘l yuvish va yuvinish xonalari, ovqatlanish uchun stol-stullar, dam olish uchun krovat va yumshoq inventarlar bo‘lishini ta’minlash, ovqat tayyorlash joylarini tayyorlash, ichimlik suvi zaxirasini yaratish va saqlash, tibbiyot xonasi tashkil etish va birlamchi tez tibbiy yordam vositalari bilan ta’minlash, yong‘in xavfsizligi, mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rgazmali vositalar burchagini tashkil etish va mehnat unumdorligi hamda xavfsizligiga doir amaliy chora-tadbirlar namoyish etildi. Fermerlarga mavsumga terimchilarni yollash bo‘yicha mehnat qonunchiligiga muvofiq shartnoma tuzish tartib-qoidalari haqida tushunchalar berildi.
Mingbuloq tumanidagi 528 fermer xo‘jaligining 15 ming 906 gektar yerida paxta yetishtirilmoqda. Yig‘im-terimni uyushqoqlik va sifatli tashkil etish maqsadida 250 otryad shakllantirilgan.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.