O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
118 turdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda
2017-07-27 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz farmatsevtika sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda.
Buni Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan “Merrymed Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
2011-yil mart oyida faoliyat boshlagan korxonaning moddiy-texnik bazasi yildan-yil mustahkamlandi, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalar joriy qilinib, yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etildi. Ishlab chiqarish hajmi va turi muntazam o‘sib bordi. Ayni paytga kelib Farg‘ona vodiysidagi eng yirik farmatsevtika korxonasiga aylandi.
Korxonaning barqaror rivojlanayotgani quyidagi ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘ladi. Dastlabki yili bu yerda 8 turdagi 5 million 901 ming 761 qadoq tabletka ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘tgan 5-yil mobaynida bosqichma-bosqich kapsula, ampulali ineksiya, kukun ko‘rinishidagi antibiotik, infuziya, maz, galen, sirop, suspenziya kabi dori-darmonlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bugungi kunda bu yerda 10 farmakologik guruhdagi 118 tur dori-darmon vositalari ishlab chiqarilmoqda. O‘sha yili korxonada 27 kishi ishlagan bo‘lsa, bugun 270 kishi mehnat qilmoqda. Ishchilarning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlar.
O‘tgan yillarda ushbu dori-darmonlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 6 qo‘shimcha sex qurildi. Qurilish va texnik-texnologik jihozlash bo‘yicha korxonaning o‘z mablag‘i va bank kreditlari hisobidan umumiy qiymati 45 milliard 906 million so‘mlikdan ziyod loyihalar amalga oshirildi.
Xitoylik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan korxona faoliyati farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish, saqlash, transport-logistika, marketing jarayonlarini to‘laligicha o‘zida mujassam etgan. Ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalar va elektron axborot-nazorat qilish tizimlari joriy etilgan.
Ishlab chiqarishdagi birinchi talab, ya’ni yuqori sifat, ayniqsa, farmatsevtika korxonalari uchun bosh mezondir. Zero, bunday korxona mahsuloti inson salomatligi uchun xizmat qilishi kerak. Shu nuqtai nazardan, “Merrymed Farm”ni barpo etish uchun joy tanlashdan boshlab, qurilishi-yu qurilish xomashyolarigacha, ishlab chiqarish jarayoni, ishchilarning shaxsiy sanitariya-gigiyena bo‘yicha bilimi va madaniyatigacha – hammasi bu yerda tayyorlanayotgan dori-darmon vositalarining xalqaro sifat talablariga to‘la javob berishini ta’minlashga qaratilgan.
– O‘simlik va sintetik xomashyodan dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamizda xalqaro standart talablarini amalda qo‘llash bo‘yicha strategik rejalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda, – deydi korxona sifat ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Mansur Qutbiddinov. – Jumladan, 2012-yilda xalqaro standart talablari asosida ISO 9001 sifat menejmenti tizimi hamda joriy yilda GMP – “Yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti” standartlari joriy qilinib, tegishli sertifikatlar olindi. Mahsulot sifatini nazorat qilish korxona farmakopiya maqolalari, Britaniya (VR), Amerika Qo‘shma Shtatlari (USP), Yaponiya (JP) farmakopiya maqolalariga asosan amalga oshirilmoqda. Korxonada barcha xomashyoga me’yoriy-texnik hujjatlar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan. Uskunalar va yordamchi matiyeriallar, xomashyo, butlovchi qismlar saqlash omborlari xavfsizligi to‘liq ta’minlangan. Qurilishda devor va shiftlarni tozalash va dezinfeksiya qilish, harorat va havo namligini zarur me’yorda tutib turish qulayliklari ko‘zda tutilgan. Bu korxonamizning dunyo bo‘yicha GMP sertifikatiga ega 150 dan ziyod korxonalar ro‘yxatining birinchi beshtaligidan joy egallashida muhim omil bo‘lmoqda.
Korxona mahsulotlari sifatini nazorat qilish eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan sinov laboratoriyalarida oliy toifali kimyogar va xalqaro standartlar bo‘yicha milliy ekspert-auditorlar tomonidan amalga oshiriladi. Laboratoriya jihozlarining ayrimlari mamlakatimizda yagona bo‘lib, yurtimizdagi ko‘plab farmatsevtika korxonalari o‘z mahsulotini shu yerda sinovdan o‘tkazmoqda.
– Ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari sinov turlari bo‘yicha 98 foiz shu yerda sinovdan o‘tkaziladi, – deydi sinov laboratoriya mudiri Zarifa Turdiyeva. – Jumladan, Yaponiyaning “Shimadzu” rusumli uskunalari majmui yordamida xomashyo va tayyor mahsulotning tashqi ko‘rinishi, chinligi, rangi, vodorod ko‘rsatkichi, mexanik zarrachalar mavjudligi, to‘ldirish hajmi, sterillanganligi, bakterial endotoksin ko‘rsatkichi, miqdoriy tahlil, yorliqlanishi va qadoqlanishi qat’iy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Hozir korxonada umumiy qiymati 10 million dollarga teng infuzion eritmalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.
– Prezidentimiz shu yil 7-8-iyul kunlari viloyatimizga tashrifi davomida korxonamizda bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Faoliyatimiz va kelgusi rejalarimizga yuqori baho berdi, – deydi korxona bosh direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Nasimjon Azizov. – Davlatimiz rahbarining yangi loyihalar bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalari, e’tiboridan ruhlanib, yanada g‘ayrat bilan ishlamoqdamiz.
Korxona jamoasi ampula ko‘rinishidagi in’eksion eritma dori vositalarini eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.