O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eksport faoliyatidagi yangiliklar tushuntirildi
2017-07-26 | Iqtisodiyot
Mahalliy tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini oshirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xususan, yangi uzilgan meva-sabzavotlarni xorijiy bozorlarga eksport qilishda yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar berishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 21-iyundagi «Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Toshkentda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan amaliy seminarda tadbirkorlarga mazkur hujjatning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Seminarda mahalliy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar hamda tashqi savdo kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari B.Asadov va boshqalar mazkur hujjat bevosita tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksport hajmini oshirish, mahalliy eksportchilarning raqobatdoshligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlash, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
2017-yilning 1-iyulidan boshlab tadbirkorlar yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Endilikda nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchilar, balki mahsulotlarni chet elga eksport qilishda ularga ko‘maklashadigan tashqi savdo tashkilotlariga ham eksport faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratildi. Ishlab chiqaruvchi-eksport qiluvchilarga tatbiq etib kelinayotgan imtiyoz va qulayliklardan bundan buyon mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini xorijga yetkazib beradigan barcha tadbirkorlik subyektlari foydalanishi mumkin bo‘ldi.
Seminarda o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan imtiyozlar va preferensiyalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha dunyo tajribasi, sohaga oid xalqaro standartlar va ularni mamlakatimizda joriy etish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.