O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faollik va tashabbuskorlik zarur
2017-07-25 | Jamiyat
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-iyul kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” mavzusidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.
Videoselektor aloqa vositasida tashkil etilgan sessiyada viloyat Kengashi deputatlari bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari raislari, viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari, hududiy partiya tashkilotlari, mahalliy hokimliklar vakillari ishtirok etdi.
Sessiyaga tayyorgarlik doirasida Prezidentimiz ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning Samarqand viloyatida ijrosini ta’minlash yuzasidan Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari va deputatlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari faoliyati, shuningdek, viloyat tibbiyot sohasidagi muammolar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar holati o‘rganildi.
Muhokama jarayonida o‘rganish natijalari atroflicha tahlil etilib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va siyosiy partiyalarning ish uslubini tubdan o‘zgartirish, aholi bilan doimiy muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Chunki, aksariyat hududiy partiya tashkilotlarida ish rejasi ham mavjud emas, borlarida esa ularning ijrosi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Partiya tashkilotlari tomonidan hisobotlar hududdagi muammolarga doir, aniq tahlillarga asoslangan holda tuzilmasdan, a’zolik badallaridan kelgan tushumlar, o‘tkazilgan tadbirlar va undagi ishtirokchilar soni kabi raqamlarga bog‘lanib qolgan.
Hududiy partiya tashkilotlari va tegishli deputatlik guruhlari o‘rtasida hamkorlik qoniqarsiz ahvolda. Jumladan, tuman, shahar kengashlariga O‘zbekiston “Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan saylangan 16 nafar, Xalq demokratik partiyasidan 21 nafar, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 17 nafar, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 9 nafar deputat o‘zini tavsiya qilgan siyosiy partiya va saylovchilar bilan aloqani butunlay uzib qo‘ygan.
Viloyatdagi ijroiya hokimiyati organlari tomonidan deputatlarning so‘rovlariga o‘z vaqtida yoki umuman javob bermaslik holatlari uchraydi. Tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhlari va doimiy komissiyalarda sessiya kun tartibiga masala kiritish bo‘yicha tashabbuskorlik yetishmayapti. Doimiy komissiyalar o‘z vakolati va faoliyat yo‘nalishi xususida to‘liq tasavvurga ega emas.
Tadbirda viloyat hududida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tibbiyotni isloh qilishga doir farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida mutasaddi idoralar rahbarlarining axboroti eshitildi. Ushbu sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.