O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Poytaxtimizda Xalqaro shaxmat kuni nishonlandi
2017-07-25 | Sport
Shaxmat bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida Xalqaro shaxmat kuni munosabati bilan "Tanish chehralar" an’anaviy turniri o‘tkazildi.
Turnir munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari H.Turdialiyev, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni, xalqaro grossmeyster R.Qosimjonov va boshqalar mamlakatimizda sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratilayotgani, buning samarasida nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarning yangi avlodi voyaga yetayotganini ta’kidladi.
1924-yili 20-iyul kuni Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE tashkil etilgan. 1966-yildan boshlab mazkur sana butun dunyoda xalqaro shaxmat kuni sifatida keng nishonlanadi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan ham ushbu sana munosabati bilan an’anaviy turnir o‘tkaziladi. "Tanish chehralar" nomli turnirning bu yilgi bahslarida shaxmat bo‘yicha jahon va Osiyo chempionlari, nufuzli turnirlar, mamlakat chempionatlari g‘oliblari, xalqaro grossmeysterlar bilan birga mazkur sport turiga qiziquvchi barcha havaskorlar ishtirok etdi.
Musobaqaning professional sportchilar o‘rtasidagi bahslarida FIDE ustasi Ortiq Nig‘matov birinchi, xalqaro grossmeysterlar – Saydali Yo‘ldoshev va Tohir Vohidov ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.
Faxriylar o‘rtasida Vladimir Yegin, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Nodirbek Abdusattorov, sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida Humoyun Bekmurodov, xotin-qizlar o‘rtasida Bahora Abdusattorova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Havaskorlar o‘rtasidagi bahslarda Asror Mo‘minov, Nosirjon Toshmatov va Murod Yusupov kuchli uchlikdan joy oldi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy turniri g‘olibi, xalqaro grossmeyster Jahongir Vohidov tomonidan yosh shaxmatchilar uchun mahorat saboqlari o‘tkazildi.