O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tanqid va tahlil ruhida
2017-07-25 | Jamiyat
Andijonda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2017-yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida federatsiya va uning hududiy tuzilmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
– 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov. – Jumladan, xalq bilan muloqotning samarali mexanizmini joriy etish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, federatsiya tizimining fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi ijtimoiy faolligini kuchaytirish borasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nazorat qiluvchi organlar bilan faol hamkorlik qilinmoqda. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, har oyning ikkinchi o‘n kunligi fuqarolar bilan muloqot kunlari etib belgilandi. Federatsiyaning barcha darajadagi tuzilmalari huzurida «Iste’molchi bilan muloqot» huquqiy maslahatxonalari tashkil etildi. Maslahatxonalar 6 oy ichida fuqarolardan kelib tushgan 2 ming 835 murojaatni ro‘yxatga oldi. 2 ming 175 murojaat bo‘yicha ularga qonun talablaridan kelib chiqib, huquqlari tushuntirildi. 300 dan ortiq murojaat yuzasidan davlat va nazorat qiluvchi, sud organlariga murojaat qilish bo‘yicha huquqiy maslahat berildi.
Hisobot davrida federatsiya va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan 5 ming 725 murojaat kelib tushgan. Ularning 5 ming 258 tasi ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga 2 milliard so‘mdan ortiq yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berilgan.
Yig‘ilishda federatsiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi va viloyatlar hududiy birlashmalari raislarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Buloqboshi tumani «Qaqir» qishloq fuqarolar yig‘inida aholi bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning muammolarini o‘rgandi.