O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar faoliyati takomillashmoqda

2017-07-25 | Jamiyat

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyatdan saylangan senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari raislari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-iyul kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” mavzusidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi masala muhokama etildi. 

Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada erkinlashtirish va isloh qilish jarayonida mahalliy ijro hokimiyati organlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida hisobot va axborot berish tartibi amalga kiritilib, ular faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik va xalq nazorati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. 

Davlatimiz rahbarining yuqoridagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, siyosiy partiyalar faoliyatida muammo va kamchiliklar mavjud. Ular o‘z elektoratiga bergan va’dalari, saylovoldi dasturlarini to‘liq va samarali bajarmayotir. Mahalliy Kengashlar deputatlari, mazkur Kengashlardagi partiya guruhlarining faoliyati talab darajasida emas. 

Sessiyada Prezidentimiz ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar asosida o‘z faoliyatini tanqidiy baholagan holda, ishni qayta tashkil etish borasida ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. 

– Bugungi davr eskicha tartibda ishlash mutlaqo mumkin emasligini ko‘rsatmoqda, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Robiya Kozimova. – Ma’ruzada belgilab berilgan vazifalar bizning partiyamizdan ham yanada faollik va fidoyilikni talab etmoqda. Binobarin, dasturiy maqsadlarimizdan kelib chiqib, chekka hududlarda, ijtimoiy soha tarmoqlari, shifoxonalar, Mehribonlik uylaridagi ahvolni, muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratamiz. Nogiron bolalarni maxsus adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta’minlashni o‘zida qamrab olgan inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, oliy o‘quv yurtlarida nogiron talabalar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish ham diqqat markazimizda bo‘ladi. Nazarimizda partiya tashkiloti apparati tarkibini qayta ko‘rib chiqqan holda, uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘limi hamda yurist-konsultant lavozimini joriy etish maqsadga muvofiqdir. 

– Davlatimiz rahbari partiyamiz faoliyatiga jiddiy e’tiroz bildirdi, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Farmon Aminov. – Bu partiya viloyat va uning quyi tashkilotlari, partiyadan mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarni faollikka, ish uslubini bugungi kun talablari asosida o‘zgartirishga undamoqda. Shularni nazarda tutib, kengash yetakchilik qobiliyatiga ega tashabbuskor yoshlarni aniqlash, ularni kadrlar zaxirasiga kiritish, «Yoshlar qanoti» faolligini oshirishga qaratilgan loyihalar samaradorligiga erishishi lozim. Ayni paytda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermerlar, umuman, elektoratimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish choralarini ko‘ramiz. 

Sessiyada ma’ruzada ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirishda xalq deputatlari viloyat Kengashining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Yoshlar bilan ishlash, oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dolzarb qarorlar qabul qilishda jamoatchilik va saylovchilar ishtirokini ta’minlash, deputatlik nazoratini kuchaytirish, qonunlar, davlat va hududiy dasturlar ijrosi yuzasidan Kengashlar sessiyalarida ijro hokimiyati organlarining hisobot va axborotlarini muntazam eshitib borish amaliyotini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari doimiy e’tiborda bo‘ladi. 

Tadbirda xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Siyosiy partiyalarning xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlik guruhlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida o‘z dasturidan kelib chiqqan holda, ustuvor maqsad-vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surish, davlatimiz rahbarining joriy yil 10-11-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga asosan ishlab chiqilgan har bir dastur va loyiha ijrosi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish uchun tuman va shahar Kengashlari deputatlarini mas’ul etib biriktirish tavsiya etildi. 

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari N.Umarov, Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

 

Erkin Yodgorov, O‘zA

Поделиться