O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro kuzatuvchilar Namanganda
2015-03-19 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonini kuzatish maqsadida mamlakatimizga kelgan Mustaqil davlatlar hamdo'stligi kuzatuvchilari missiyasi shtabi boshlig'i o'rinbosari Oleg Kuleba 6-Namangan okrug saylov komissiyasida bo'ldi.
Mehmon Namangan viloyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi. Okrug saylov komissiyasining raisi G'.Ortiqov kuzatuvchiga saylovni tenglik, ochiqlik, oshkoralik va adolat mezonlari, xalqaro demokratik tamoyillar hamda milliy qonunchiligimiz asosida tashkil qilish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so'zlab berdi.
O.Kuleba Namangan shahridagi 7-, 32-, 97-, 114-saylov uchastkalarida bo'lib, bu yerdagi tashkiliy ishlar, saylovchilar ro'yxatining shakllantirilishi, saylov kuni ovoz beruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Biz missiya tarkibida MDH davlatlarining barchasida saylov jarayonlarini kuzatib, har tomonlama chuqur tahlillar asosida xulosamizni berib boramiz, – deydi O.Kuleba. – Tahlillar O'zbekiston saylov qonunchiligi xalqaro andozalar darajasida takomillashib borayotganini ko'rsatadi. Bu O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovning ham yuksak saviyada o'tishiga xizmat qiladi. Saylovga tayyorgarlik jarayoni uyg'onish va yangilanish ayyomi – Navro'z bayrami taraddudiga uyg'unlashib ketgani xalqingizning ochiq chehrasi, samimiy munosabati va ko'tarinki kayfiyatida o'z ifodasini topgan.