O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev zamonaviy logistika markazi, istiqbolli loyihalar bilan tanishdi

2017-07-24 | Siyosat

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan zamonaviy logistika markazida bo‘ldi. 

«Greenfoodtrade» MChJ tomonidan tashkil etilayotgan mazkur markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 2018-yilning uchinchi choragida to‘la quvvat bilan ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu loyiha mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yer maydonlaridan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. 

Qirq gektardan ortiq maydonni egallagan majmuada 5 kross-doking, gipermarket, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash va saqlash ombori, 10 ming tonnalik muzlatgich, 150 o‘rinli mehmonxona quriladi. 

Prezidentimizga mazkur majmua haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Shu yerda Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

Qibray tumanidagi Agrologistika markazi meva-sabzavot mahsulotlarini quritish va qadoqlash, issiqxona, muzlatgich, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni o‘z ichiga oladi. 2018-yilning birinchi yarmida ishga tushiriladigan markazda 500 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi «Sardorkom» mas’uliyati cheklangan jamiyatida olmadan sharbat tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Parkent tumanida tashkil etiladigan korxonada meva-sabzavotni muzlatish, qadoqlash va saqlash majmuasi, zamonaviy issiqxona barpo etiladi. 

Erlardan unumli foydalanish kerak, dedi davlatimiz rahbari. Bugungi zamon to‘g‘ri kelgan narsani emas, foyda keltiradigan, bozori chaqqon mahsulotlar yetishtirishni talab qilmoqda.  

Prezidentimizga tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilayotgan yirik loyihalar haqida ham so‘zlab berildi. Loyihalarda qog‘oz mahsulotlarini qayta ishlash, meva-sabzavotlarni qadoqlash uchun gofrakarton qutilar ishlab chiqarish, parrandachilik sohasini rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini quritish ko‘zda tutilgan. 

Toshkent viloyati tumanlarida rentabelligi va hosildorligi past bo‘lgan sug‘oriladigan ekin maydonlariga ekiladigan ekin turlarining sxematik xaritasi haqida so‘zlab berildi. 

Viloyat qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini monitoringdan o‘tkazish ishlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bunda kvadrokoptor yordamida yer maydonlarini o‘lchash, ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish, yer maydonlarini aerofotos’emka qilishga e’tibor qaratilgan. Yer maydonlarini AN-2 samolyoti va kvadrokopter yordamida o‘lchash natijalari taqqoslandi. Ma’lum bo‘lishicha, 100 gektar maydonni samolyot yordamida 20 soatda o‘rganilsa, kvadrokopter qo‘llanilganda xuddi shu hajmdagi ishlarga 4 soat sarflanar ekan. Bundan tashqari, ekinlarga agrodron, OVX purkagichi va samolyot yordamida ishlov berishning qiyosiy ko‘rsatkichlari ham namoyish etildi. Ish unumdorligini oshirishda zamonaviy agrodronlarning imkoniyatlari yuqori baholandi. 

Bu kabi zamonaviy qurilmalar qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev. Agar sohaning ertangi kunini o‘ylasak, bunday zamonaviy tizimga tezroq o‘tishimiz kerak. Dronlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, bu borada qo‘shma korxona tuzish va kadrlar tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim.  

2017-2018-yillarda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish innovatsion loyihasi ham ko‘rsatildi. «O‘zagrotexsanoatmashxolding» kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish qilindi. Kompaniya qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, mashina-traktor parklari va lizing xizmatlarini o‘zida jamlagan. Loyihalardan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari va istiqboldagi rejalar o‘rin olgan. 

Mamlakatimizda belaruslik investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarilmoqda. Prezidentimiz ushbu texnikalar turlarini ko‘zdan kechirdi. Investorlar bilan mazkur tizimni yanada takomillashtirish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari haqida suhbatlashdi.

 

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA

Поделиться