O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik – faoliyatimiz asosi

2015-03-19 | Jamiyat

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'yicha saylov kampaniyasi qizg'in pallaga kirdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davom etmoqda. Saylov uchastkalarida saylovchilar ro'yxatlari shakllantirildi, aholining saylov bilan bog'liq jarayonlardan xabardorligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Samarqand viloyatida olib borilayotgan ishlar haqida O'zA muxbiri 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi Yaxshinor Allayorov bilan suhbatlashdi.

– Bu galgi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro huquq me'yorlari va talablaridan kelib chiqib, milliy saylov qonunchiligimiz takomillashgan, mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlar yuksak samaralar berayotgan bir paytda o'tayotgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Ya.Allayorov. – Bu O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturi"ga muvofiq o'tkazilayotgan saylov kampaniyasi jarayonlarida yaqqol o'z ifodasini topmoqda.

"O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazishni O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari ta'minlaydi.

Okrug saylov komissiyasi o'z vakolati doirasida qonunda belgilangan muddatda Samarqand viloyatidagi tuman va shahar hokimliklarining, harbiy qismlar yoki harbiy qo'shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug bo'yicha 957 saylov uchastkasini tuzish to'g'risida qaror qabul qildi. Saylovchilarga har tomonlama qulaylik yaratish hamda ovoz berish jarayonlarini yuksak saviyada o'tkazish maqsadida saylov uchastkalari uchun eng zamonaviy binolar tanlandi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasi asosida okrug hududidagi uchastka saylov komissiyalarining tarkibi tasdiqlandi. Komissiya a'zoligiga jamoatchilikning obro'li vakillaridan 10 ming nafarga yaqin fuqaro jalb etilgan.

Aholi, ayniqsa, yoshlar hamda uchastka saylov komissiyalari a'zolarining huquqiy bilimini yanada oshirish, uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etish maqsadida barcha tuman va shaharlarda seminar-treninglar o'tkazildi. Bu tadbirlarda Markaziy saylov komissiyasi a'zolari va ekspertlari, Samarqand okrug saylov komissiyasi a'zolari, viloyat adliya boshqarmasi, fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo'limi va boshqa idoralar vakillari ma'ruzalar bilan qatnashdi. Hozirda okrug saylov komissiyasi a'zolari tuman va shaharlarda mazkur seminarlarning uzviy davomi sifatida aholi hamda uchastka saylov komissiyalari a'zolari bilan davra suhbatlari, uchrashuvlar o'tkazmoqda.

Ayni paytda saylov uchastkalarining barchasida komissiyalar to'liq tarkib bilan faoliyat ko'rsatmoqda. Ular tomonidan saylovchilar ro'yxatlari tuzilib, aholi tanishib chiqishi uchun uchastkalarda joylashtirildi. Bunda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan tavsiyalar va amaldagi qonunchilik talablariga to'la rioya etildi.

– Saylovoldi tashviqoti saylovning eng muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu borada okrug saylov komissiyasi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug saylov komissiyasining O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to'g'risidagi qarorlariga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, siyosiy partiyalarga belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, saylovchilar bilan yig'ilishlarda hamda saylovchilar uchun qulay bo'lgan boshqa shaklda uchrashuvlar o'tkazishda teng huquq berildi.

Nomzodlar haqidagi ma'lumotlar, ularning dasturi aks etgan tashviqot materiallari, ko'rgazmali vositalar barcha uchastkalarga tarqatildi. Saylovchilar bu vositalar orqali zarur ma'lumotlar olmoqda. Jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazishni tashkil etish, zarur ma'lumot va axborot materiallari olishda yordam ko'rsatmoqda. Prezidentlikka nomzodlarning Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashuvlari ana shu imkoniyat va sharoitlardan to'la foydalanilgan holda bo'lib o'tdi. Nomzodlarning ishonchli vakillari tuman va shaharlarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazmoqda.

– Saylovning ochiq va oshkoraligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalarining alohida o'rni bor. Saylov jarayonini yoritish va kuzatib borish uchun ommaviy axborot vositalariga qanday sharoitlar yaratilgan?

– Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga ko'ra, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o'tayotganligini yoritib boradi. Jurnalistlarning okrug hududida saylov jarayonlarini bevosita kuzatib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritishi uchun komissiya huzuridagi matbuot markazida keng imkoniyatlar yaratilgan. Komissiya majlislari, joylarda o'tkazilayotgan seminarlarga ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilmoqda. Okrug saylov komissiyasi Samarqand viloyatidagi ommaviy axborot vositalari rahbarlari, respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari hamda mustaqil jurnalistlarning murojaatlarini inobatga olib, okrug hududida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun ellik nafardan ziyod jurnalistni akkreditatsiyadan o'tkazdi.

– Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga ko'ra, saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Saylovchilarning mazkur huquqdan foydalanishi uchun okrug saylov komissiyasi tomonidan yaratilgan sharoitlar haqida ma'lumot bersangiz.

– Okrug saylov komissiyasining 14-mart kuni o'tkazilgan majlisida shu masala ham muhokama etilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. Saylov qonunchiligimizda belgilanganidek, saylov kuni o'z yashash joyidan uzoqda bo'lgan saylovchi muddatidan oldin ovoz berishi mumkin. Buning uchun u saylov kunida bo'la olmasligi sabablari (ta'til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko'rsatilgan ariza asosida o'z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasiga murojaat qiladi va saylov varaqasini olib, ovoz berishni amalga oshiradi. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o'n kun qolganida boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugallanadi.

Joriy yilning 29-mart kuni o'tkaziladigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi Vatanimiz va xalqimiz hayotidagi g'oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida davlatimizning yaqin yillardagi taraqqiyot yo'nalishlarini belgilab olish imkonini beradi. Bunda har bir saylovchining ishtiroki, qabul qilgan qarori hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini unutmasligimiz lozim.

Поделиться