O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tasvirlarda barhayot siymolar
2017-07-21 | Madaniyat
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston san’at ustalarining retrospektiv ko‘rgazmasi ochildi.
“Bizning meros” turkumidan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmaga musavvirlar, tasviriy san’at ixlosmandlari, jurnalistlar tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar O‘zbekiston san’at ustalari qoldirgan ijodiy meros yosh musavvirlarning o‘z yo‘li va uslubini tanlashi, o‘qib-izlanishi, mahoratini oshirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Ko‘rgazmaga M.Arinin, V.Eremyan, A.Nikolayev, V.Rojdestvenskiy, I.Gartvan, V.Kaydalov, D.Sinitskiy, K.Cheprakov, K.Bogoduxov, B.Boboyev, G.Mordvinseva, Yu.Strelnikov, Yu.Taldikin, M.To‘xtayev kabi rassomlarning turli janrdagi asarlari qo‘yilgan. Ularda tarix, madaniyat, san’at va xalqimiz hayoti o‘z ifodasini topgan.
– "Navoiy", "Afsonalar tug‘iladigan dunyo", "Boysunlik qiz", "Baxmallik qiz" kabi suratlarda holat va tasvir uyg‘unligi mohirona berilgan, – deydi san’atshunos E’tibor Mirzanazarova. – Garchi bu asarlarni yaratgan mo‘yqalam ustalari bugun oramizda yo‘q bo‘lsa-da, ular qoldirgan san’at asarlari orqali qayta-qayta yod etiladi. Ularning ijodi yosh musavvirlarga mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi, rassomlar arxivi va shaxsiy kolleksiyalardan keltirilgan uch yuzga yaqin asar o‘rin olgan.