O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pamela Spratlen: “O‘zaro aloqalarimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaveradi”
2015-03-19 | Jamiyat
Navro'z bayrami arafasida O'zA muxbiri Amerika Qo'shma Shtatlarining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan suhbatlashdi.
– Spratlen xonim, Siz yaqinda AQShning O'zbekistondagi elchisi etib tayinlandingiz. Mamlakatimiz haqidagi ilk taassurotlaringiz haqida so'zlab bersangiz.
– O'zbekiston g'oyat go'zal va maftunkor diyor, xalqingiz juda mehmondo'st va bag'rikeng. Men 2008-yilda AQSh delegatsiyasi tarkibida O'zbekistonda bo'lib, qadimiy va navqiron shaharlar Toshkent va Buxoroni ziyorat qilgan edim. Mehmonnavoz va mehridaryo o'zbek xalqi meni o'shandayoq maftun etgan edi. O'zbekistonga kelib bu boradagi taassurotlarim yanada boyimoqda. Mehnatsevar o'zbek xalqi g'ayrat va shijoat, ertangi kunga qat'iy ishonch bilan yashamoqda. Mamlakatingizning istiqboli porloq.
Men mamlakatingizni dunyoga yanada kengroq tanitishga intilayotgan, ilmga chanqoq O'zbekiston yoshlarini g'oyat qadrlayman. Shuningdek, o'zbek kuy-qo'shiqlari va milliy raqslariga mehrim baland. Toshkentda o'tkazilgan ajoyib madaniy tadbirlarda ishtirok etayotganimdan juda xursandman. O'zbekiston haqida yanada ko'p ma'lumotga ega bo'lishni, mamlakatingizning boy tarixi va noyob madaniyatini o'rganishni xohlayman.
– Mamlakatlarimiz hamkorligining samaralari haqida nima deya olasiz?
– AQSh bilan O'zbekiston o'rtasidagi aloqalar yil sayin mustahkamlanib borayotir. Mamlakatlarimiz o'rtasida o'zaro ishonch va manfaatdorlik hamda ochiq muloqotga asoslangan munosabatlar qaror topgan. AQSh O'zbekistonning suvereniteti va mustaqilligini qo'llab-quvvatlashda hech qachon og'ishmagan. Biz o'zaro manfaatdorlikka asoslanamiz. Bu mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash sohasidagi hamkorlikni, mamlakatlarimizning iqtisodiy rivojlanishini qo'llab-quvvatlash hamda inson huquq va erkinliklarini ta'minlashdan iborat.
So'nggi yillarda o'zaro hamkorlikda erishilayotgan yutuqlar ko'lami kengayib, hajmi tobora oshib bormoqda.
AQSh bilan O'zbekiston o'rtasida yuridik sohada ham o'zaro tajriba almashish yo'lga qo'yilgan. O'zbekiston oliy o'quv yurtlari bilan ingliz tilini o'qitish bo'yicha ilg'or dasturlarni ishlab chiqish borasida hamkorlik qilmoqdamiz.
Mamlakatlarimiz o'rtasida savdo, qishloq xo'jaligi, ta'lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari katta. Ishonchim komilki, o'zaro aloqalarimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaveradi.
– O'z faoliyatingiz davomida O'zbekiston bilan AQSh o'rtasidagi hamkorlikning qaysi yo'nalishlarini rivojlantirishni ustuvor vazifa, deb hisoblaysiz?
– AQSh O'zbekistonning mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiyotni yuksaltirish, barqarorlik va demokratiyani mustahkamlash borasidagi maqsadlari yo'lida yaqin hamkoridir. Biz Markaziy Osiyoda xavfsiz, qudratli va mustaqil taraqqiyot tarafdorimiz. AQSh va O'zbekistonning bu boradagi hamkorligi terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga oid dasturlarni o'z ichiga oladi.
Biz ko'plab sohalarda, jumladan, ilm-fan, iqtisodiyot, tibbiyot, madaniyat va ta'lim yo'nalishlaridagi aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash niyatidamiz.
– Suhbatimiz Navro'z bayrami arafasida kechmoqda. O'zbekiston xalqiga bayram tilaklaringizni izhor etsangiz.
– Fursatdan foydalanib, O'zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Navro'z bayrami bilan samimiy qutlayman va eng ezgu tilaklarimni bildiraman. Xalqingizga tinchlik, baxt, ravnaq va mustahkam sog'liq tilayman. Yangilanish ramzi bo'lmish ushbu ayyom barchaga muborak bo'lsin.