O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kitobxonlar uchun qo‘shaloq tuhfa

2017-07-21 | Jamiyat

Milliy matbuot markazida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan “Al-Qomus” arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘at hamda Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Toshkent islom universiteti professor-o‘qituvchilari, akademiklar, arab tili bo‘yicha mutaxassislar, tarjimonlar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida aholi o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘targanini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining shu yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2016-yil va joriy yilning o‘tgan davrida ko‘plab badiiy asarlar nashr etildi. “Adabiyot xrestomatiyasi” ruknida 44 jilddan iborat kitoblar majmuasi, “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining 10 jildi, “Nashriyotimiz xazinasidan” ruknida 17 nomdagi kitob, xalqimiz tarixi, madaniy merosi, milliy qadriyatlari, yurtimiz ilm-fani, zamonaviy iqtisodi, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda erishilgan yutuqlar haqida hikoya qiluvchi kitoblarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etdi. 

– Akademik N.Ibrohimov tahriri ostida original manbalar asosida tuzilgan, to‘rt jilddan iborat «Al-Qomus» arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘atining birinchi jildi va buyuk bobokalonimiz Mahmud Koshg‘ariyning mashhur “Devonu lug‘ati-t-turk” kitobi nashrdan chiqqani xalqimiz uchun o‘ziga xos ajoyib ma’naviy tuhfa bo‘ldi, – deydi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori L.Tangriyev. – «Al-Qomus» arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘at mumtoz va zamonaviy arab adabiy hamda so‘zlashuv tilidagi yuz mingdan ortiq so‘z va iboralarni, fan-texnika, san’at, madaniyat sohasiga oid atama-tushunchalarni qamrab olgan. U sharqshunos-arabshunoslar, manbashunos-tarixchilar, arab tilini o‘rganuvchilar va keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. “Devonu lug‘ati-t-turk” asari turkiy tilshunoslikning tengi yo‘q yodgorligi hisoblanadi. Dunyo tilshunosligida keng e’tirof etilgan mazkur kitobning o‘zbek tilidagi ilk tarjimasi 1960-yilda nashr etilgan edi. Bu galgisi yangi nashr ekani bilan ahamiyatlidir.

 

Ikrom Avvalboyev, O‘zA

Поделиться