O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Har qarich yerning "fe’li"ni biladigan fermer
2017-07-21 | Iqtisodiyot
Yoz chillasi bo‘lishiga qaramay Arabboy akaning dalasida ish qizg‘in. G‘alladan bu yil mo‘ljaldagidan ancha ko‘p hosil olindi. 36 gektar maydonda baravj o‘sayotgan g‘o‘za agrotexnik talablar asosida parvarishlanmoqda.
Fermer xo‘jaligi dalalarini aylanar ekansiz, ajib bir tarovatdan rohatlanasiz. Ariq to‘lib oqayotgan suv ham, garmsel ham dehqon mehnatiga tasanno aytayotgandek. Yoz chillasida quyosh taftidan bahramand bo‘layotgan g‘o‘za, g‘arq pishgan poliz mahsulotlari ko‘zni quvontiradi.
Darhaqiqat, qush tinsa tinadiki, dehqon tinmaydi. Mana hozir, avji saraton kunlarida ham uning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Dala shamolida chiniqqan, har qarich yerning "fe’li"ni biladigan paxtakoru g‘allakorlarimiz, bog‘bonlarimiz bu yilgi dehqonchilikning cho‘g‘idan xursand.
Farg‘ona viloyatida paxtachilik, g‘allachilik, bog‘dorchilik, chorvachilik kabi ko‘plab yo‘nalishlarda 13 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yozyovon tumanidagi “Ro‘zibonu” fermer xo‘jaligi viloyatdagi katta tajribaga ega xo‘jaliklardan biri. Xo‘jalik a’zolari joriy yilda 43 gektar yerda g‘alla yetishtirdi. Ekin belgilangan agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilingani bois, gektaridan 70 sentnerdan oshirib hosil olindi.
Endi butun e’tibor g‘o‘za parvarishiga qaratilgan. Markaziy Farg‘ona hududida dehqonchilik qilish mashaqqatli ish. Havo harorati keskin ko‘tarilib, g‘o‘zaning suvga bo‘lgan talabi kun sayin oshayotgan ayni damda ekinlarni chanqatmasdan, bir me’yorda sug‘orish dehqondan katta malaka, mahorat va jonbozlik talab etadi. Mazkur xo‘jalik a’zolari uchun bunday fidoyilik odatiy hol.
– Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar biz, fermerlarning ham mehnatga, yerga munosabatini, dunyoqarashini butunlay o‘zgartirib yubordi, – deydi “Ro‘zibonu” fermer xo‘jaligi rahbari Arabboy Boltaboyev. – Bugun fermer qishloqdagi islohotlarning yetakchi kuchiga aylangan. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, fermer faqat paxta va g‘allaga qarab qolmasligi kerak. Zamonaviy fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli bo‘lib, nafaqat g‘alla va paxtadan mo‘l hosil olishi, balki baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik kabi tarmoqlarni, hatto qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘yish orqali daromadini ko‘paytirishi lozim. Buning uchun hukumatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Fermer har sohada bilimdon bo‘lishini zamonning o‘zi taqozo etmoqda.
Fermer xo‘jaligida chorvachilik, baliqchilik tarmog‘i ham tashkil etilgan. 2015-yilda bankdan olingan kredit evaziga muzqaymoq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Arabboy aka bu kunlarga osonlikcha erishgani yo‘q. O‘zi aytmoqchi yerga mehr berdi, u bilan tillashdi. Hududidagi har bir kontur sharoitini qunt bilan o‘rgandi. Yoniga ishning ko‘zini biladigan dehqonu mutaxassislarni oldi. Qilingan mehnat samara bermay qolmadi. Shirkat xo‘jaligi davrida arang 18 sentnerga yetkazib paxta olingan maydonlarda hosildorlik bir yildayoq 35 sentnerdan oshdi. G‘alla maydonlarining hosildorligi ham ikki barobar ko‘paydi.
Tan olish kerak, bugungi kunda dehqonchilik madaniyati muhim ahamiyatga ega. Fermer kerak bo‘lsa, iqtisodchi, agronom, mirob bo‘lishi shart. Agar ana shularni o‘zlashtirmasa, ko‘zlangan marraga yeta olmaydi. Arabboy akada bularning barchasi mujassam. E’tiborlisi, fermer xo‘jaligi urug‘chilikda ham katta tajriba to‘plagan. Yerga shudgorlash mavsumi va g‘o‘za parvarishi davrida yetarli miqdorda mahalliy o‘g‘it solinadi.
– Bu yoz oylaridagi jazirama issiq ta’sirini kamaytirishda qo‘l keladi, deydi u. – Albatta, egat oralariga sifatli ishlov berishning nafi bo‘lakcha.
Xo‘jalikning zarur transport vositalari bilan ta’minlangani mo‘l hosil yetishtirishda muhim omil bo‘lmoqda. Ishning ana shunday omilkorlik bilan yo‘lga qo‘yilgani samarasida o‘tgan yili xo‘jalikda hosildorlik paxtadan 35, g‘alladan 75 sentnerni tashkil etdi.
70 ishchi mehnat qilayotgan xo‘jalikda samaradorlikni va jamoa a’zolari manfaatdorligini oshirish yuzasidan salmoqli ishlar olib borilayotir. O‘tgan yili xo‘jalik 100 million so‘mdan ziyod sof daromad olgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich yanada ko‘payishi kutilmoqda.
Er – xazina. Uning har qarichidan unumli foydalanish mo‘l hosil va baraka degani. "Ro‘zibonu" fermer xo‘jaligida bu hayotiy tamoyilga qat’iy amal qilinayotir. Joriy yilda 215 tonna urug‘lik g‘alla yetishtirildi. G‘alladan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, takroriy ekin ekilmoqda.