O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shohimardonga bir keling

2017-07-20 | Jamiyat

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida shaharu qishloqlarimiz zamonaviy qiyofa kasb etib, aholi turmush farovonligi yuksalmoqda. Ayniqsa, qishloq infratuzilmasini yanada yaxshilash, qishloqqa sanoatni olib kirishga qaratilayotgan e’tibor odamlarning hayotga, mehnatga munosabatini tubdan o‘zgartirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

Buni Farg‘ona tumani Shohimardon qishlog‘i misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Purviqor tog‘lar bag‘ridagi bu qishloq mustaqillik yillarida yanada chiroy ochib, aholi yashash tarzida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. 

Ilgari viloyat markaziga biror yumush bilan boradigan odam go‘yo uzoq yurtga ketayotgandek tayyorgarlik ko‘rardi. O‘nqir-cho‘nqir yo‘l azobi, tirbandligidan oyoq bosgani joy bo‘lmagan eski avtobusda yurishni bo‘yniga olgan odamgina bunga jazm etardi. Mustaqillik sharofati bilan bu qiyinchiliklar ortda qoldi. Bugun keng va ravon Farg‘ona – Shohimardon yo‘lida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy mashinalar bir zumda manzilingizga eltadi. 

Tog‘ odamlari ham qishloqning o‘zidek bag‘rikeng, samimiy, mehnatkash. Yoshlari iste’dodli. Afifa ismli uch yoshli qizaloqning noyob iste’dodi haqidagi gaplar viloyat markazigacha yetib borgan.

– Endi tili chiqa boshlagandayoq qizimning xotirasi kuchli ekanini payqagandim, – deydi onasi Mahliyo Qo‘shoqova. – Qanday ertak o‘qib bermaylik, butun matnni bolalarga xos tilda qayta hikoya qila olardi. Bir kuni buvisi davlatlar nomi, ularning poytaxtlari haqida gapirib berdi. Qizim barchani lol qoldirib, xuddi o‘sha tartibda birma-bir qaytardi. Keyin globusdan mamlakatlar joylashuvini tushuntirdi. Afifa hech qiynalmasdan o‘sha davlat va uning poytaxtini ko‘rsatar va nomini aytardi. 

Qiziqishimiz ortib, biz ham qit’a va davlatlar nomini ataylab chalkashtirib aytdik. U hech adashmay “er shari”dan o‘sha qit’a yoki davlatni topdi va poytaxti falon shahar deb, jajji barmoqlari bilan ko‘rsatdi. Umuman, dunyo xaritasidan 183 davlatni hech qanday xatosiz ko‘rsatib berdi. 

"Shohimardon" va "Yordon" mahalla fuqarolar yig‘inida 6 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda ikkita umumta’lim maktabi, shifoxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 

– Qishlog‘imiz aholisi tinch-totuv, ahil-inoq hayot kechirmoqda, – deydi "Shohimardon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Tojiboyev. – Mahalla obodligi, aholi turmush farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar qishlog‘imiz misolida ham o‘z samarasini bermoqda. To‘y-to‘yga ulanib, zamonaviy uylar qurilayotir. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, mutasaddilar qishlog‘imizga kelib, aholi bilan muloqot qilmoqda. Ko‘plab muammolar o‘z vaqtida amaliy hal etilayotganidan qishlog‘imiz ahli mamnun.
 
Shohimardonda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘nta fermer xo‘jaligi asosan meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani qishloq aholisiga qo‘l kelmoqda. Hududda o‘ttizdan ziyod tadbirkor turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etgan. Savdo do‘koni, sartaroshxona, suratxona, temirchilik ustaxonasi, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, “Go‘zallik saloni”, xullas, zamonaviy hayot kechirish uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasi shu yerning o‘zida muhayyo. Yaqinda viloyat hokimligining tashabbusi bilan Farg‘ona – Shohimardon yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani tog‘liklarni yanada xursand qildi. 

Bu qadim qishloqning xushmanzara tabiati barchani o‘ziga rom etishi aniq. “Farg‘ona vodiy sayyoh” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bu yerda “Shohimardon” ekoturizm markazi tashkil etilgan. Ayni kunlarda yurtimizning turli hududlaridan bu yerga ko‘plab mehmonlar tashrif buyurmoqda. 

Qishloq ahli tibbiy xizmatdan mamnun. 64-qishloq oilaviy poliklinikasida barcha sharoit mavjud. Qishloqda shifokorlar uyi ham tashkil etilgan. Yaqinda bu yerda yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan qurilgan yangi shifoxona ish boshladi. Shifo maskanida tug‘ruq, ichki kasalliklar, jarrohlik, bolalar bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi. 

– Yoshi kattalar yaxshi eslaydi, sobiq tuzum davrida tibbiyot oliy o‘quv yurtini bitirgan mutaxassislar chekka tuman va qishloqqa bormas, imkon qadar shaharda qolishga harakat qilardi, – deydi “Shohimardon” qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Dilorom Toshboltayeva. – Negaki, qishloq shifo maskanlarida hech qanday sharoit yo‘q edi-da! Bugungidek aniq tashxis qo‘yish va davolash uchun zamonaviy sharoit u yoqda tursin, hatto tuzukroq tibbiy asbob-uskuna ham bo‘lmagan. Yetti yil o‘qib-o‘rgangan bilimini amalda qo‘llash uchun hech qanday sharoit bo‘lmasa, bemorga zarur yordam ko‘rsatolmasang, shifokor uchun bundan ortiq azob yo‘q. Bugun bari boshqacha. Yosh shifokoru hamshiralar qishloq joylarida zamonaviy sharoitlarda aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqda. Masalan, bizda ham aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoit mavjud. 

Shohimardon qishlog‘i polvonlari bilan ham mashhur. Marhum Lochin polvon Usmonov bir paytlar qishloqning faxri bo‘lgan. Bugun ham to‘y-hashamlarda kuragi yer ko‘rmagan polvonlar ko‘p. Ular ota-bobolari an’analarini davom ettirib, yurtimiz sportini xalqaro miqyosda tarannum etishga hissa qo‘shmoqda. 

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Shohimardonda ham Prezidentimizning shu yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida eng ulug‘, eng aziz ayyomni munosib kutib olish uchun katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotir. 
 
Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA

Поделиться