O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Belgiya Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv
2017-07-19 | Siyosat
2017-yilning 18-iyun kuni Brussel shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Belgiya Qirolligi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Didie Reynders bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama aloqalarni siyosiy va parlamentlaro aloqalar, o‘zaro savdo, madaniy-gumanitar almashinuv kabi yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishning dolzarb masalalari batafsil muhokama qilindi.
Muzokaralarda qayd etilganidek, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganing 25 yili davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikda katta tajriba ortirildi. Xususan, ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning muntazam o‘tkazilishi hamkorlik holatini har tomonlama puxta o‘rganish va tomonlarni qiziqtirgan istiqbolli sohalarni aniqlash imkonini yaratadi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda qabul qilingan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston-Belgiya aloqalarini kengaytirish va unga ko‘p qirrali tus berish imkonini yaratadi.
Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.