O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy sportimizning Fransiyadagi namoyishi
2015-03-18 | Sport
Fransiyada XXX Butunjahon jang san'atlari festivalida o'zbek jang san'ati ustalari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Shu munosabat bilan O'zbekiston sharq yakkakurashlari va jang san'atlarini rivojlantirish markazida matbuot anjumani o'tkazildi. Anjumanda mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida o'zbek jang san'ati xalqaro miqyosda tan olinayotgani ta'kidlandi. O'zbek jang san'ati federatsiyasi hozirgi kunda Jahon milliy jang san'atlari uyushmasi, Jahon yakkakurash sport turlari tashkiloti, Xalqaro jang san'atlari assotsiatsiyasi kabi nufuzli tashkilotlar a'zosidir.
Festivalda o'zbek jang san'ati ustalari "Vatan", "Istiqlol", "Amir Temur", "Mustaqil O'zbekiston" singari qator kompleks mashqlarni namoyish etdi. Sportchilarimizning ko'rgazmali chiqishlari xorijlik mutaxassislarning yuksak e'tirofiga sazovor bo'ldi.
– Ushbu nufuzli festivalda ikkinchi marotaba ishtirok etdik, – deydi O'zbek jang san'ati federatsiyasi raisi Po'lat Usmonov. – Jahonda milliy qadriyatlarimizni keng namoyish etayotganimiz sababli o'zbek jang san'atiga qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Bu mamlakatimizda yoshlarning mazkur sport turi bilan muntazam shug'ullanishlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlik samarasidir.