O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot texnologiyalari imkoniyatlari namoyishi
2015-03-18 | Texnologiyalar
Poytaxtimizda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari, magistrantlari, professor va o'qituvchilarining dasturiy hamda texnik ishlanmalari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi.
Tadbir O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «O'zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi, «O'zbekiston pochtasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, «Uzinfocom» va «Unicon» markazlari ko'magida tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X.Mirzohidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar butun danyoda ilm-fan, texnika va axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda O'zbekistonda iqtisodiyotning yuksalishiga xizmat qiladigan yuqori texnologiyalar tarmog'ini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Buning samarasida mamlakatimiz dasturiy mahsulot ishlab chiquvchilarini qo'llab-quvvatlash, milliy axborot resurslarini ko'paytirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Dasturiy va texnik ishlanmalar ko'rgazmasi buning yaqqol tasdig'idir. Uning ekspozitsiyasidan to'qsondan ziyod dasturiy va texnik ishlanma o'rin olgan. Mobil qurilmalar uchun dasturiy vositalar, veb-sayt va ilovalar, komputer o'yinlari, elektrotexnik ishlanmalar shular jumlasidandir.
Universitetning telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti stendi ko'rgazmaga kelganlarda katta qiziqish uyg'otdi. Bu yerda masofadan turib boshqariladigan «TATU robot», chorrahalarda tirbandlikni avtomatik ravishda boshqaradigan «Aqlli svetofor» tizimi kabi texnik yangiliklar, shuningdek, turli o'yin va dasturlar namoyish etildi.
– Ko'rgazmada o'zimning «Aqlli chiroq» ishlanmamni namoyish etganimdan xursandman, – deydi universitetning to'rtinchi kurs talabasi Shoxruh Begmatov. – Mamlakatimizda yosh dasturchilarning qo'llab-quvvatlanayotgani natijasida tadqiqotlar o'tkazish, tajriba almashish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga hissa qo'shish imkoniyatiga egamiz.
Dasturiy injiniring fakulteti stendi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, dizayni milliy uslubda yaratilgan «O'zChat» mobil ilova yoshlar e'tiborini o'ziga tortdi.
– Ingliz tilini interfaol o'rganishga yordam beradigan ushbu mobil ilova «Learn words by heart» deb ataladi, – deydi to'rtinchi kurs talabasi Shoxruh Sharipov. – Uning xususiyati shundaki, ingliz tilida aks ettirilgan so'zlarni ekranda keyingi vazifa tasvirlanishi uchun to'g'ri talaffuz qilish kerak. Bu ilovani «GooglePlay» onlayn do'konida joylashtirishni rejalashtirmoqdaman.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining talaba va magistrlari tomonidan taqdim etilgan ko'plab ishlanmalar amalda qo'llanadigan bo'ldi. Masalan, ko'rgazmada universitet talabalari tomonidan korxona va muassasalar uchun yaratilgan o'ttizdan ziyod veb-saytlar namoyish etildi.
– Bu galgi ko'rgazma o'ziga xos bo'ldi, – deydi universitet prorektori Li Chul Su. – O'zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ilk ko'rgazma ekspozitsiyasini mazkur oliy o'quv yurti talaba-o'qituvchilarining ishlanmalari tashkil etdi. Bu mamlakatingizda axborot texnologiyalari sohasi katta salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Ko'rgazma doirasida ishtirokchilar «Eng yaxshi mobil ilova», «Eng yaxshi veb-ilova», «Eng yaxshi Windows-ilova», «Eng yaxshi texnik ishlanma» nominatsiyalarida maxsus sertifikat hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.