O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2018 yilning may oyidan bir qator davlat xizmatlarini ko‘rsatishni soddalashtirish bo‘yicha elektron tizim joriy etiladi
2017-07-14 | Texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 11 iyul kuni migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari haqidagi qaror imzolandi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida 2018 yil 1 maydan davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonlari, jumladan, biometrik hujjatlar berish, xorijga chiqish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirish, doimiy va vaqtincha propiska olish, yashash joyi bo‘yicha hisobga olish, shuningdek, manziliy-ma’lumotnoma olish jarayonlarini soddalashtiruvchi elektron tizim ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
Shuningdek, ikki oy muddatda pasport tizimi masalalari bo‘yicha fuqarolarni qabul qilishning elektron tartibi yo‘lga qo‘yishda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarini uskunalar va dasturiy mahsulotlar bilan bosqichma-bosqich ta’minlash rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
Qarorga binoan, Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tizimida Elektron axborot tizimlari boshqarmasi tashkil etiladi. Mazkur boshqarmaning asosiy vazifasi davlat xizmatlari ko‘rsatish, jumladan, biometrik hujjatlar berish, xorijga chiqish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirish, doimiy va vaqtincha propiska olish, yashash joyi bo‘yicha hisobga olish, shuningdek, manziliy-ma’lumotnoma olish jarayonlarini soddalashtiruvchi elektron tizimni joriy qilish va rivojlantirish hisoblanadi. Shuningdek, doimiy va vaqtincha propiska olish, yashash joyi bo‘yicha hisobga olish, O‘zbekiston respublikasiga kirish, chiqish, fuqorolikni olish, chiqish va yo‘qotish, siyosiy boshpana berilishi yo‘nalishlarida integrallashgan ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va joriy qilish, axborot tizimlarining xavfsiz va uzluksiz ishlashi va boshqalarga javobgar bo‘ladi.
Qarorning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.