O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fumixiko Kato: «O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligi istiqboli porloq»
2015-03-18 | Jamiyat
Navro'z bayrami arafasida O'zA muxbiri Yaponiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Fumixiko Kato bilan suhbatlashdi.
– Janob elchi, mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida so'zlab bersangiz.
– O'zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatlarimiz o'rtasida yaqin va do'stona munosabatlar yo'lga qo'yildi. 2002-yil Do'stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to'g'risida qo'shma deklaratsiya imzolangandan so'ng munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Biz ikki tomonlama hamkorlikni bundan buyon ham izchil rivojlantirish niyatidamiz.
Yaponiya hukumati tomonidan ishlab chiqilgan Taraqqiyot rasmiy dasturi iqtisodiy munosabatlarda alohida o'rin tutadi. Mazkur dastur doirasida O'zbekistonga qiymati 140 milliard iyendan ziyod kreditlar taqdim etildi, 22 milliard iyendan ortiq beg'araz yordam ko'rsatildi, umumiy qiymati 13 milliard iyendan oshiq texnik hamkorlik loyihalari amalga oshirildi.
O'tgan yili O'zbekistonda iyen kreditlari liniyasi tarixida salmoqli loyiha – elektr energetikasi sohasida Farg'ona vodiysida yirik issiqlik elektr stansiyasi qurilishini o'z ichiga olgan «JUPITER» loyihasini amalga oshirishga qaratilgan hukumatlararo bitimlar imzolandi. Bundan tashqari, kichik ijtimoiy loyihalarga beg'araz yordam ko'rsatish doirasida O'zbekistonning turli ta'lim va tibbiyot muassasalariga jihozlar taqdim etildi.
Tomonlarning savdo va investitsiya sohasidagi salohiyati nuqtai nazaridan qaralganda, O'zbekiston bilan Yaponiya hamkorligi porloq istiqbolga ega. Ikki davlat o'rtasida biznesni yuritish shartlarini muhokama etish bo'yicha ishchi guruhi ko'magida O'zbekiston bozorida Yaponiya kompaniyalari ishtirokini yanada kengaytirishni qo'llab-quvvatlaymiz.
Madaniyat va ta'lim sohasidagi hamkorligimiz ham izchil rivojlanib bormoqda. Toshkentda Yaponiya madaniyatiga bag'ishlangan tadbirlar muntazam o'tkazib kelinmoqda. O'zbekiston o'quv muassasalarida yapon tilini o'rgatish va Yaponiyada o'zbekistonlik talaba hamda stajyorlarni o'qishga qabul qilishda yordam ko'rsatilayotir.
– O'zbekistonda turizm sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida sayyohlar almashinuvi yil sayin kengaymoqda. Shu haqda ham to'xtalib o'tsangiz.
– 2014-yil Yaponiyaning yetakchi gazetalari sahifalari va televizion ko'rsatuvlari orqali O'zbekistonning go'zal tabiati, tarixiy va madaniy yodgorliklari, diqqatga sazovor joylari keng yoritildi. Bu yaponiyaliklarning mamlakatingizga, xalqingizning boy merosiga bo'lgan qiziqishini yanada oshirdi. Mamlakatimizning yetakchi sayyohlik kompaniyalari va mehmonxona biznesi vakillari O'zbekistonda o'z faoliyatini yo'lga qo'ymoqda. Bu ham Yaponiyadan serquyosh yurtingizga sayyohlar oqimining ko'payishiga yordam bermoqda. Bundan tashqari, Yaponiyaga borayotgan o'zbekistonlik sayyohlar safi kengaymoqda. O'zbekistonda turizmning jadal rivojlanib borayotgani mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonamiz.
– Navro'z bayrami haqidagi taassurotlaringizni so'zlab bersangiz...
– Ushbu bahor ayyomida ilk bor o'tgan yili qatnashib, bir olam taassurotga ega bo'ldim. O'zbekistonning betakror milliy taomlari – sumalak va ko'k somsadan tatib ko'rib, maza qildim.
Yaponiyada Navro'z kunlari bahorgi teng kunlik – Syumbun-no xi bayrami nishonlanadi. Syumbun-no xi ham Navro'z kabi bahor kelishidan darak beradi.
Bahor nafasi kezib yurgan shu kunlarda O'zbekiston xalqini Yaponiya xalqi nomidan Navro'z ayyomi bilan tabriklash men uchun katta sharaf. Tabiat uyg'onib, bog' va dalalar ko'm-ko'k libosga burkangan yilning ajoyib kunlarini serquyosh O'zbekistonda o'tkazayotganimdan bag'oyat xursandman. Mana shu bayram kunlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlar mustahkamlanib, yanada kengayishini tilayman.