O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Banklar tadbirkorlarning ko‘makchisi
2017-07-12 | Iqtisodiyot
Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan «Ipoteka-bank»ning Yashnobod filiali bilan hamkorlikda «Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi» mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholini ish bilan ta’minlash, oilaviy biznesni rivojlantirish, fuqarolar, jumladan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va bu borada banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
«Ipoteka-bank» tomonidan o‘tgan davrda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 125 milliard 300 million so‘mlik, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga 14 milliard 700 million so‘mlik mikrokreditlar ajratilgan. Oilaviy tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘mak hajmi 7 milliard 400 million so‘mni tashkil etdi.
Tadbirda fuqarolarimizning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani, yurtimizda hukm surayotgan eng oliy ne’mat – tinchlik-osoyishtalik va farovonlik vatandoshlarimizni fidoyilikka undayotgani qayd etildi.