O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari–Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev Xitoy Xalq Respublikasining Sifat nazorati, inspeksiya va karantin bo‘yicha bosh ma’muriyati vaziri Chji Shupin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o
2017-07-10 | Jamiyat
Joriy yilning 5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari–Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev Xitoy Xalq Respublikasining Sifat nazorati, inspeksiya va karantin bo‘yicha bosh ma’muriyati vaziri Chji Shupin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkam an’anaviy do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat ruhida muntazam rivojlanib borayotganligini ta’kidladilar. Bu borada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asosi bo‘lgan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro aloqalarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, xitoylik hamkorlar bilan qishloq va suv xo‘jaligining turli sohalarida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan, betakror ta’mga ega ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda Xitoy istiqbolli bozorlardan biridir. Shu ma’noda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ayirboshlashni rivojlantirish ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘lib, bu davlatlarimiz iqtisodiyotining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlandiki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xitoyga jami qiymati 14,4 mln. dollarlik 7,6 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot, jumladan, qizilmiya ildizi, quritilgan uzum, qovun, o‘rik mahsulotlari eksport qilingan.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish, shu jumladan Xitoy bozoriga eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nomenklaturasini va hajmini kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama etildi.
Uchrashuv so‘ngida Xitoy Xalq Respublikasining Sifat nazorati, inspeksiya va karantin bo‘yicha bosh ma’muriyati bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Xitoyga gilosni eksport qilishda uning fitosanitar holatini bajarish hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi o‘rtasida Xitoyga uy hayvonlari uchun ozuqani eksport qilishda uning karantin holatini bajarish bo‘yicha bayonnomalar imzolandi.