O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sudlar «adolat qo‘rg‘oni»ga aylanishi lozim
2017-07-07 | Jamiyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimiz sud-huquq sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad – fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishdan iborat.
Prezidentimiz rahbarligida shu yil 13-iyun kuni sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohada o‘z yechimini topmagan kamchilik va muammolar atroflicha tahlil qilinib, muhim amaliy xulosalar chiqarildi.
Bu jihatlar 6-iyul kuni poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida mamlakatimiz sudyalarining O‘zbekiston xalqiga murojaatini qabul qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham o‘z ifodasini topdi. Tadbirda Sudyalar oliy kengashi a’zolari, Oliy sud sudyalari, hududlardagi sudlar raislari, sudyalari va xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining o‘rinbosarlari – xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” fondi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining respublika boshqaruvi va hududiy rahbarlari, poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi U.Mingboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Sudyalar oliy kengashi raisi M.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida odil sudlov sohasidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda mamlakatimiz sud tizimini takomillashtirish va maqbullashtirish borasida tarixiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganidan ko‘zlangan maqsad – jamiyatimizda adolat, haqiqat va qonun ustuvorligini to‘la ta’minlash, xalqimizni hayotdan rozi qilishga erishish ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Mazkur farmonga muvofiq fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi. Sudlarning jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarishdek odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan amaliyotiga chek qo‘yildi.
Sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tartibi tubdan takomillashtirilib, sudyalar hamjamiyatining yangi organi – Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi. Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi qayta ko‘rib chiqilib, sudyalarning xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini beradigan darajada, hozirgi zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirildi va maqbullashtirildi.
Keyingi paytda Prezidentimizning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga bo‘layotgan murojaatlarning sezilarli qismi aynan sud idoralari va sudyalar faoliyati bilan bog‘liq ekani bu yo‘nalishda ko‘plab muammolar mavjudligidan dalolat beradi. Bu borada Oliy sudga kuniga o‘rtacha 250 dan ortiq murojaat kelib tushmoqda. Tadbirda ushbu murojaatlarni hal etishda viloyat, tuman sudlari sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani, ayrim tuman sudlari murojaatlarni hatto ochib ko‘rmayotgani qattiq tanqid qilindi. Viloyat sudlari raislari haftada kamida uch kun tumanlarga, joylarga chiqib, sudlarning ish yurituvini o‘rganishi shart ekani, bunday o‘rganishlar har bir sudlarda o‘tkazilishi ta’kidlandi.
– Hozirgi shiddatli davr talabi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini ta’minlash uchun ko‘proq xalq bilan yuzma-yuz va ochiq muloqot qilishimizni taqozo etmoqda, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi Baxtiyor Islomov. – Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng bir muncha ishlar qilinganiga qaramay, hali to‘laqonli odil sudlovga erishganmiz, deb aytolmaymiz, buni fuqarolarimiz ham his qilib turibdi. Bugungi yig‘ilishda faoliyatimizni yana bir bor tanqidiy tahlil qilganimiz sudning tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylanishi yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Sudda ishlarni sudyalik burchimiz buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli holda ko‘ramiz, eng asosiysi – qabul qilgan har bir qarorimiz qonuniy, asosli, odillik va insonparvarlik tamoyillariga tayangan bo‘lishi uchun barcha mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 13-iyunda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz sud tizimidagi mavjud nuqsonlar va ularning yechimini muhokama qilib, bu borada aniq vazifalarni belgilab bergani sud tizimida ishlayotgan har bir rahbar va xodimdan soha rivojiga tanqidiy yondashishni taqozo etishi, adolat va qonun ustuvorligi sudyalar ishida biron bir narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan eng muhim mezon ekani ta’kidlandi. Mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida har bir hududda o‘tkazilgan sudlar faoliyatining tanqidiy muhokamasi, bu boradagi xulosalar, sud tizimida mavjud bo‘lgan nuqsonlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan belgilangan aniq reja va dasturlar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi raislarining axboroti, viloyat sudlari raislarining hisobotlari eshitildi. Sohadagi mavjud ahvol, muammolar sabablari va ularning yechimi tanqidiy tahlil qilindi.
Bu borada Oliy sud rayosatining shu yil 24-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar rejasi amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur qaror bilan sud tizimida zudlik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Uning ijrosiga mas’ul bo‘lgan Oliy sud ishchi guruhlari tuzildi. Mazkur dasturlarning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Sudlarda uzoq muddatlardan buyon yakuniy yechimini topmay kelayotgan ishlar ro‘yxati tuzildi, ularni hal qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Sudlarda ishlarning kamida 30 foizini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud rayosatining “Sayyor sud majlislarini o‘tkazish bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, uslubiy tavsiyalar va sayyor sud majlislari o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan ishlar ro‘yxati tasdiqlanib, barcha sudlarga yuborildi.
Oliy sud va viloyat sudlari tomonidan quyi sudlar ish yurituvidagi murakkab toifadagi jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni olib birinchi instansiyada ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etildi. Iqtisodiy sudlar samarali qo‘llab kelayotgan ishlarni videokonferensaloqa tizimi orqali ko‘rib chiqish amaliyoti fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar hamda ma’muriy sudlarga ham tatbiq etilmoqda.
Sohadagi eng dolzarb masala – fuqarolarning sudma-sud sarson-sargardon yurishining oldini olish, bu boradagi muammolarni bartaraf etishdan iborat. 2016-yilda Oliy sudda ko‘rib chiqilgan 446 fuqarolik ishining 390 tasi (87 foizi) yana qayta ko‘rib chiqish uchun quyi bosqichlarga yuborilgan. Atigi 13 foizi bo‘yicha Oliy sudda yakuniy qaror qabul qilingan. Joriy yil iyun oyining o‘zida Oliy sudda 24 fuqarolik ishiga yakuniy nuqta qo‘yildi, jinoyat ishlari bo‘yicha kiritilgan protestlarni ko‘rish natijasida, harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun 7 shaxs oqlandi, 4 nafari jazodan ozod etildi, 2 nafariga nisbatan jinoyat ishi tugatildi, 17 shaxsga nisbatan tayinlangan jazo muddatlari kamaytirildi.
Yig‘ilishda bu borada avvalambor yangi tarkibdagi Oliy sud qat’iyat ko‘rsatishi lozimligi ta’kidlandi. Qonuniy va adolatli qaror hech qachon bekor bo‘lmasligi qayd etildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sud organlari xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda hayotimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovni ro‘yobga chiqarishda to‘siq bo‘layotgan muammolarni, sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilab bergan aniq topshiriq va vazifalarni mamlakatimizning sudyalar hamjamiyati atroflicha muhokama qildi. O‘rganish natijasida O‘zbekiston sudyalari nomidan butun xalqimizga murojaat qilishga qaror qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi K.Komilov mamlakatimiz sudyalarining O‘zbekiston xalqiga murojaatini o‘qib eshittirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sudyalarining O‘zbekiston xalqiga murojaati har bir sudya ish faoliyati mobaynida og‘ishmasdan amal qiladigan qat’iy mezon bo‘lib qolishi ta’kidlandi. Ushbu Murojaatnoma yurtimizdagi har bir sud binosiga kirishda, ko‘zga yaqqol ko‘rinadigan joyda o‘rnatiladi. Shu yerning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan muhrlangan qutilar o‘rnatiladi.
Sud binosiga kirayotgan har bir yurtdoshimiz Murojaatnoma bilan yaqindan tanishib, adolatli sud qanday bo‘lishi kerakligi haqida aniq tushuncha va tasavvurga ega bo‘ladi. Binodan chiqayotganda har bir fuqaro sudyalarning faoliyatiga, ularning Murojaatnomada zimmasiga olgan majburiyat va mas’uliyatni qanday bajarayotganiga munosabat bildirish va o‘z munosabatini yozma ravishda qutilarda qoldirishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Qutilar har oyda bir marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati va Sudyalar oliy kengashi vakillari ishtirokida ochiladi hamda fuqarolarning fikr-mulohazalari har tomonlama o‘rganiladi. Joylarda har bir sudyaning ishiga ana shu tahlil asosida baho beriladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov ishtirok etdi.